Farg‘ona viloyatiga $100 mln investitsiya jalb etiladi

Mablag‘lar infratuzilmani yaxshilash, kichik loyihalarni ishga tushirish va turizm salohiyatini oshirishga yo‘naltiriladi

Farg‘ona viloyatiga $100 mln investitsiya jalb etiladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev So‘x tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.

Avvalroq hududda logistika va iqtisodiy integratsiya muammolari mavjud edi. So‘nggi yillarda yangi yo‘llar qurildi, chegaradan o‘tish tartibi soddalashtirildi, ijtimoiy infratuzilma va uy-joylar barpo etildi. Hozirda 25 ta mahallada 88,6 ming nafar aholi istiqomat qiladi, o‘nlab ta’lim va tibbiyot muassasalari faoliyat ko‘rsatmoqda. O‘tgan yili 13,9 ming kishi ishga joylashtirildi, 1,6 ming xonadon kambag‘allikdan chiqarildi. Shu bilan birga, kambag‘allik 7,9%, ishsizlik 5,5% bo‘lib, respublika o‘rtacha ko‘rsatkichlaridan yuqori.

2026-yilda $40 mln investitsiya jalb etish va eksportni $15 mlngacha yetkazish rejalashtirilmoqda. Natijada sanoat 9%, xizmatlar 17,1% va qishloq xo‘jaligi 7,6% o‘sishi kutilmoqda.

Hududning turizm salohiyati alohida qayd etildi. Mahalliy daryo bo‘yida rekreatsion hududlar yaratish va tibbiy xizmatlar klasterini shakllantirish ko‘zda tutilgan. Ushbu yo‘nalishga $60 mln yo‘naltirilib, 2 ming ish o‘rni yaratilishi, xizmatlar hajmi 15 mlrd so‘mga va eksport $2 mlnga oshishi kutilmoqda.

Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash uchun har bir mahallada 10 tadan — jami 300 ta kichik loyiha amalga oshiriladi. Banklar ularni 64 mlrd so‘m bilan moliyalashtiradi. Bundan tashqari, 74,5 mlrd so‘m infratuzilmani yangilash va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltiriladi, 8,6 ming kishi kasbga o‘qitiladi.

Qishloq xo‘jaligida yangi texnologiyalar joriy etiladi, xususan, 425 gektarda mevali bog‘lar, 60 gektarda za’faron, 100 gektarda kartoshka yetishtiriladi. Baliqchilikni rivojlantirish uchun har biri yiliga 50 tonna forel beradigan 30 ta suv havzasi quriladi. 8 km irrigatsiya tarmog‘i 800 gektar yerlarni o‘zlashtirish imkonini beradi.

Yig‘ilish yakunida aholi daromadlarini oshirish, barqaror bandlikni ta’minlash va respublikaning boshqa hududlari bilan transport aloqalarini yaxshilash bo‘yicha vazifalar belgilandi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

“Olmaliq KMK”dan ekologik zarar uchun 48 mlrd so‘m jarima undiriladi
/
“Olmaliq KMK”dan ekologik zarar uchun 48 mlrd so‘m jarima undiriladi
O‘zbekiston xalqaro obligatsiyalarini 12,25% stavkada joylashtirdi
/
O‘zbekiston xalqaro obligatsiyalarini 12,25% stavkada joylashtirdi
Yil oxirigacha 35 trln so‘mlik davlat aktivlari xususiylashtiriladi
/
Yil oxirigacha 35 trln so‘mlik davlat aktivlari xususiylashtiriladi