Qurilish vazirligi: Eskrou tizimi uy narxlarini keskin oshirmaydi
Ulush faqat notarial va kadastrdan o‘tgan shartnoma asosida kiritiladi, bu xaridorga talab huquqini beradi

Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi 1-iyuldan O‘zbekistonda joriy etiladigan eskrou tizimi yangi uy-joylar narxini keskin oshirishi haqidagi xabarlarni rad etdi. Bu haqda AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda vazirlik axborot xizmati rahbari Saidnosir Usmonov ma’lum qildi.
Usmonovning so‘zlariga ko‘ra, yangi tizim ulushli qurilish ishtirokchilarining huquqlarini va uy-joy sotib oluvchilarning mablag‘larini kafolatli himoya qiladi.
Ulush kiritish faqat notarial tartibda tasdiqlangan hamda kadastr ro‘yxatidan o‘tkazilgan shartnomalar asosida amalga oshiriladi. Kadastrdan o‘tkazilgan shartnoma esa ulushdorga, ya’ni xaridorga, talab qilish huquqini beradi.
Vazirlik axborot xizmati rahbari eskrou tizimining qanday ishlashini ham tushuntirdi. Endilikda hali qurib bitkazilmagan uyda kvartira sotib olishni istagan fuqaro o‘z mablag‘larini quruvchiga emas, balki bankka to‘laydi va shu orqali ulushdorga aylanadi.
Ulushdorga tegishli pullar alohida eskrou hisobvarag‘ida saqlanadi. Qurilish yakunlanmaguncha quruvchi bu mablag‘lardan foydalana olmaydi. Uy esa quruvchining o‘z mablag‘lari yoki bank krediti hisobiga quriladi.
Ulushli shartnoma asosida developer ko‘rsatilgan uyni o‘z vaqtida qurib, topshirishga majbur bo‘ladi. Bank esa ulushdorning pul mablag‘lari eskrou hisobvarag‘ida yig‘ilishi, xavfsiz saqlanishi, shuningdek, uy-joy qurilishini loyihaviy moliyalashtirishni amalga oshiradi.
Bu bilan uy-joyni o‘z vaqtida sifatli qurib, egasiga yetkazib berishni kafolatlaydi, — deydi Usmonov.
Shuningdek, eskrou tizimi doirasida “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimi joriy qilindi. Bu yagona elektron platforma orqali 1-iyuldan boshlab uy-joylar qurilishi ro‘yxatga olinadi. Agar developer obyektni tizimga kiritmasa, aholining ulush asosida pul kiritishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Mazkur tizim maksimal darajada inson omilidan cheklanib, barchasi integratsiya asosida ishlab chiqilyapti. Developer obyektni platformaga kiritgach, bank tomonidan uyni o‘z vaqtida qura olish imkoniyatlari o‘rganiladi. Qurilish jarayonida ishning bajarilish grafigi nazorat qilib boriladi. Loyihaviy moliyalashtirishdan ko‘zlangan maqsad ham shu, — deydi Saidnosir Usmonov.
Elektron platformada quruvchi va qurilayotgan obyekt haqida to‘liq ma’lumot taqdim etiladi: obyektning aniq manzili, qavatlar soni, kirish yo‘laklari, loyihaviy hujjatlar, ekspertiza xulosalari, qurilish boshlanish sanasi va foydalanishga topshiriladigan muddati kabi ma’lumotlar xaridorlarga ochiq bo‘ladi.
Shuningdek, xaridorlar quruvchi kompaniyaning ruxsatnomasi, reytingi va ilgari amalga oshirgan loyihalari haqida ham shu platforma orqali ma’lumot olish imkoniga ega bo‘ladilar. Vazirlik ushbu tizim orqali uy-joy bozorida investitsiyalar xavfsizligini ta’minlash, shuningdek, ishonchli quruvchilar bozorini shakllantirish rejalashtirilayotganini bildirdi.
Qurilish vazirligi yangi tartib asosida mamlakatda quruvchilar reytingi ham shakllanishini qayd etdi.
Eskrou hisobvarag‘ida to‘plangan mablag‘lar ko‘paygani sari, developerlarga loyihaviy moliyalashtirish doirasida pastroq foiz stavkalarida kredit ajratilishi mumkin bo‘ladi.
Bu esa eskrou tizimi joriy etilgach yangi uy-joylarning narxi keskin oshib ketadi degan ma’lumotlarni inkor etadi, — deydi Usmonov.
Qurilish tugagach va xaridor o‘z xonadonini qabul qilib olganidan keyin, uning bankdagi pul mablag‘lari quruvchi tashkilotga o‘tkaziladi. Agar quruvchi o‘z majburiyatlarini bajarmasa:
Ya’ni, uy bitmay qolsa, xaridor kuyib qolmaydi, bankka qo‘ygan pullarini muammosiz qaytarib oladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ