O‘zbekistonda “eng yaxshi soliq to‘lovchi mahallalar” reytingi joriy etildi
Nominatsiya g‘oliblariga 2 mlrd so‘m hamda “Tashabbusli byudjet” doirasida qo‘shimcha imtiyozlar beriladi
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
Prezident “eng yaxshi soliq to‘lovchi mahallalar” reytingini joriy etishni tasdiqladi. G‘oliblar infratuzilmani rivojlantirish uchun 2 mlrd so‘mdan oladi.
Soliq madaniyatini oshirish hamda soliq to‘lovlarini hududlarning rivojlanishi bilan bog‘lash tamoyilini joriy etish maqsadida 2026-yil 1-yanvardan boshlab “Eng yaxshi soliq to‘lovchi mahalla” nominasiyasi yo‘lga qo‘yiladi.
G‘oliblar quyidagi mezonlar asosida aniqlanadi:
- har 1000 aholiga to‘g‘ri keladigan kichik tadbirkorlik subyektlari soni;
- kichik biznesdan tushayotgan soliq tushumlari hajmi (1000 aholi hisobiga);
- har ming aholiga to‘g‘ri keladigan jismoniy shaxslar daromad solig‘i (JShDS) to‘lovchilari soni;
- har ming kishiga to‘g‘ri keladigan o‘zini o‘zi band qilganlar soni va ular to‘laydigan soliq summasi;
- mulk solig‘i va yer solig‘i bo‘yicha yig‘imlarning o‘zlashtirilish darajasi.
Reytingning yuqori qismiga kirgan 100 ta mahallaga 2 mlrd so‘mdan mablag‘ ajratiladi. Ushbu mablag‘lar ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal etish jamg‘armalariga yo‘naltiriladi va yo‘llarni ta’mirlash, ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash, elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilish hamda ko‘cha yoritish tizimini yangilash uchun ishlatiladi.
Reyting yetakchilari “Tashabbusli byudjet” dasturi doirasida ham bir qator imtiyozlarga ega bo‘ladi. Ular ketma-ket ikki mavsumda g‘olib bo‘lgandan keyin ham ovoz berish jarayonlaridan chetlatilmaydi. Bundan tashqari, g‘olib mahallalar uchun loyiha hamkorlik (sofinans) talablari o‘zgartiriladi: kerakli mablag‘ning 25%ini aholi, qolgan 75%ini davlat moliyalashtiradi.
Soliq qo‘mitasi har yili 1-fevralga qadar “eng yaxshi mahallalar” ro‘yxatini shakllantirishi, 10-fevralga qadar esa uni o‘z saytida e’lon qilishi kerak. Vazirlar Mahkamasiga 2026-yil fevraliga qadar g‘oliblarni aniqlashning aniq reglamentini tasdiqlash topshirildi.
Ayni shu qaror bilan fuqarolar 2026-yildan to‘lagan soliqlari qanday sarflanayotganini kuzatishlari mumkin bo’ladi. Buning uchun “Jismoniy shaxslarning soliqlari hisobidan xarajatlar” moduli ishga tushiriladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ