2026-yilda investitsiya loyihalarida mahalliy ishlab chiqaruvchilar ulushi $1 mlrdga yetkaziladi

Bundan tashqari, Toshkent shahrining 7 ta hududida kogeneratsiya markazlari qurilishi belgilandi

2026-yilda investitsiya loyihalarida mahalliy ishlab chiqaruvchilar ulushi $1 mlrdga yetkaziladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev yirik energetika loyihalarini amalga oshirish, energiya tizimi barqarorligini taʼminlash va energiya samaradorligini oshirish masalalari boʻyicha yigʻilish oʻtkazdi.

Qayd etilishicha, 2026-yilda elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmini 90 mlrd kilovatt-soatga yetkazish rejalashtirilgan boʻlib, bu 2020-yilga nisbatan 40% oʻsishni anglatadi.

Shuningdek, elektr isteʼmoli yana 1 mlrd kilovatt-soatga ortishi kutilmoqda. Shu munosabat bilan aholi va iqtisodiyot ehtiyojlariga mos ravishda energiya resurslarini uzluksiz yetkazib berish, tarmoqlarni yangilash, investitsiyalarni koʻpaytirib, yirik loyihalarni oʻz vaqtida ishga tushirish birinchi navbatdagi vazifa sifatida belgilandi.

Bugungi kun holatiga koʻra, yoqilgʻi-energetika majmuidagi investitsiya portfeli 133 ta loyihani qamrab olgan boʻlib, umumiy qiymati $51,4 mlrdni tashkil etmoqda. Shundan $43 mlrdlik 73 ta yirik loyiha boʻyicha tizimli yondashuv qilib, yil yakuniga qadar 6 ming 770 megavatt yangi quvvatlarni ishga tushirish zarurligi koʻrsatib oʻtildi. Bu 2,8 ming megavatt quyosh, 2,5 ming megavatt issiqlik, 470 megavatt shamol, 68 megavatt gidroenergetika quvvatlari hamda 884 megavatt energiya saqlash tizimlaridir.

Mutasaddilarga yer ajratish va toifasini oʻzgartirish ishlarini tezlashtirish topshirildi.

2025-yilda investitsiya loyihalarida mahalliy komponent ulushi $737 mlnni tashkil etgan boʻlsa, 2026-yilda bu koʻrsatkichni $1 mlrddan oshirish maqsad qilingan.

Jumladan, oʻtgan yili transformator ishlab chiqarish zavodi ishga tushdi. Joriy yilda yangi turdagi kabel va muftalarni, shamol elektr stansiyalari minoralari va parraklarini mahalliylashtirish loyihalarini ishga tushirish, energiya saqlash tizimlarini mahalliylashtirish loyihasini boshlash rejalashtirilgan.

Elektr energiyasini ishlab chiqarish hajmi ortayotgan sharoitda uni isteʼmolchilarga oʻz vaqtida yetkazib berish masalasi dolzarb ekani, lekin qoʻshimcha yuqori kuchlanishli magistral tarmoqlari qurilmasa, generatsiya quvvatlarining isteʼmol hajmidan oshib ketishi xavfi mavjudligi koʻrsatib oʻtildi. Oʻtgan yili elektr tarmoqlarini rivojlantirishga ajratilgan mablagʻlarni oʻzlashtirish surʼati yetarli emasligi qayd etildi.

Shu munosabat bilan yaqin yillarda jami 602 kilometr uzunlikdagi “Tolimarjon – Soʻgʻdiyona”, “Sirdaryo – Halqa” va “Qorakoʻl – Nurobod” liniyalarini, 2030-yilga qadar “Yangi Angren – Namangan” tarmogʻi hamda “Namangan” nimstansiyasini qurish rejalari haqida axborot berildi. Toshkent shahrida 75 kilometr yuqori kuchlanishli tarmoqlar va 5 ta nimstansiya qurish, 69 kilometr tarmoq hamda 18 ta nimstansiyani modernizatsiya qilish, 638 kilometr past kuchlanishli tarmoqlar va 161 ta transformator shoxobchalarini modernizatsiya qilish topshirildi.

Qoʻshni davlatlar bilan energetika tizimlarini integratsiya qilish hisobiga vodiy viloyatlarida elektr taʼminotini yaxshilash rejalari ham muhokama qilindi. “Surxon – Puli-Xumri” yuqori kuchlanishli tarmogʻi va uning nimstansiyalari qurilishini jadallashtirish vazifasi qoʻyildi.

Energiya samaradorligi borasida hali koʻp ishlar qilinishi shartligi qayd etildi.

Soha va tarmoqlarda 2026-yilda elektr 4,37 mlrd kilovatt-soat elektr energiyasi, 2,84 mlrd kub metr tabiiy gaz tejash uchun tizimli va manzilli choralar koʻrish zarurligi koʻrsatib oʻtildi. Yirik korxonalarda ishlab chiqarish hajmini oʻzgartirmasdan energiya sarfini kamida 10% ga kamaytirish, tarmoqlar va ijtimoiy obyektlarda energiya samaradorligini oshirish uchun $200 mln resurs jalb etish choralari belgilandi.

Respublika hududlarida issiqlik va kogeneratsiya markazlarini qurish dasturini ishlab chiqish va amalga oshirish topshirildi. Toshkent shahrining har bir tumanida bittadan kogeneratsiya markazini tashkil etish ishlari davom ettiriladi, Yunusobod tajribasi asosida hududlarda 7 ta kogeneratsiya markazlari quriladi. Issiqlik stansiyalari kuz-qish mavsumida barqaror ishlashini taʼminlash maqsadida ular uchun suyultirilgan gazni saqlash infratuzilmasini barpo etish masalasini oʻrganib, takliflar kiritish topshirildi.

Yigʻilish yakunida Prezidentimiz strategik loyihalarni oʻz vaqtida ishga tushirish, magistral va taqsimlovchi tarmoqlarni jadal rivojlantirish, energiya samaradorligini oshirish yuzasidan qoʻshimcha topshiriqlar berdi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Behzod Normatov Prezident administratsiyasida lavozimga tayinlandi
/
Behzod Normatov Prezident administratsiyasida lavozimga tayinlandi
O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi texnikasini sotib olish uchun $400 mln sarmoya jalb qilinadi
/
O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi texnikasini sotib olish uchun $400 mln sarmoya jalb qilinadi
Ilon Mask va Jeff Bezos 2028-yil Samarqanddagi Xalqaro astronavtika kongressiga taklif etiladi
/
Ilon Mask va Jeff Bezos 2028-yil Samarqanddagi Xalqaro astronavtika kongressiga taklif etiladi