Kelgusida elektromobil sotib olish uchun alohida avtokreditlar ajratiladi
Eski mashinasini almashtirgan fuqarolarga kredit foizining bir qismi qoplar beriladi
Elektromobillardan foydalanishni kengaytirish yanada rag‘batlantiriladi, deb xabar bermoqda Prezident matbuot xizmati.
Ekologik avtomobillarni ko‘paytirish bo‘yicha besh yillik dastur amalga oshiriladi. Bunda mahalliy elektromobillarga 12% li, xorijiy elektromobillarga esa 16% li avtokreditlar ajratiladi.
Elektromobillarni quvvatlash stansiyalarini tashkil qilish uchun tadbirkorlarga 10% li imtiyozli kreditlar beriladi, yerlarni auksiondan 2 karra arzon narxda sotib olish imkoniyati yaratiladi.
Elektromobillarni quvvatlash stansiyalarida avtomobillarni zaryadlashda 1 kilovatt-soat elektr energiyasi narxining 300 so‘mdan oshgan qismi davlat budjetidan qoplab beriladi. Shuningdek, bunday avtomobilda taksi xizmati ko‘rsatadigan fuqarolarga ham bir qator imtiyozlar beriladi.
Bundan tashqari, avtomobillar chiqarayotgan zararli moddalar darajasiga qarab ekologik stikerlar berish tizimi joriy etiladi. Kapital.uz avvalroq Ekostiker talablari bo‘yicha jarimalar 2026-yilga qadar qo‘llanilmasligi haqida xabar bergandi.
Katta miqdorda zararli moddalar chiqaradigan avtomashinalarning poytaxt va viloyat markazlari hamda shaharlarga kirishi cheklanadi. Bunday transport vositalarini yangisiga almashtirish yoki ularga filtr o‘rnatish uchun davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash choralari ko‘riladi.
Eski mashinasini almashtiraman deganlarga avtokredit foizining bir qismi qoplab beriladi. Filtr o‘rnatib, zararni kamaytirishga tayyor bo‘lgan haydovchilar uchun xarajatlarining bir qismi bo‘yicha subsidiya ajratiladi.
Poytaxtimiz va yirik shaharlarda jamoat transportini rivojlantirish ustuvor vazifa bo‘ladi. Shahar ko‘chalarida avtobus va taksilar uchun maxsus yo‘laklar ko‘paytiriladi. Toshkent, Samarqand va Namangan shaharlarida transport harakatini intellektual svetoforlar orqali boshqarish tizimi joriy etiladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ