Yaqin Sharqdagi vaziyat fonida eksportchilar uchun favqulodda yordam mexanizmi ishga tushirildi
Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi tashqi savdo bilan shug‘ullanuvchi korxonalar uchun 24/7 murojaat kanallarini yo‘lga qo‘ydi
Фото: открытые источники
Yaqin Sharq mintaqasida yuzaga kelgan murakkab geosiyosiy vaziyat ushbu hudud orqali amalga oshirilayotgan tranzit va tashqi savdo operatsiyalariga ta’sir ko‘rsatmoqda. Natijada ayrim eksportchi korxonalar logistika uzilishlari, transport yo‘nalishlaridagi kechikishlar, bojxona rasmiylashtiruvi hamda xalqaro to‘lovlar bilan bog‘liq muammolarga duch kelmoqda.
Shu munosabat bilan Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi tomonidan tashqi savdo faoliyatini amalga oshirayotgan tadbirkorlarni tezkor qo‘llab-quvvatlash maqsadida favqulodda yordam mexanizmi joriy etildi.
Mazkur mexanizm doirasida eksportchilar muammoli holatlar bo‘yicha maxsus aloqa kanallari orqali murojaat qilishi mumkin. Xususan, tadbirkorlar Telegram’dagi @miit_tashqisavdo_bot orqali yoki respublika eksport shtabi huzurida 24/7 rejimida faoliyat yurituvchi Call-markazga (+998 71 238 52 52) bog‘lanishlari mumkin.
Vazirlikka ko‘ra, ushbu choralar tashqi savdo operatsiyalarida yuzaga kelayotgan uzilishlarni tezkor bartaraf etish va eksport jarayonining uzluksizligini ta’minlashga qaratilgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ