Ekostiker talablari bo‘yicha jarimalar 2026-yildan qo‘llanilmaydi
Dastlab tizimni joriy etish va haydovchilarni xabardor qilish bosqichi bo‘lib, jarimalar faqat ikki yildan keyin boshlanadi
Foto: O‘zA
O‘zbekistonda ekostiker rangi mos kelmaydigan hududga kirgan haydovchilarga jarimalar qo‘llash 2026-yildan boshlanmaydi.
So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda 2026-yildan boshlab, “ekologik hudud”ga kiruvchi qizil va sariq toifadagi avtomobillar jarimaga tortilishi haqida noto‘g‘ri talqindagi xabarlar tarqaldi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, jarima qo‘llash tizimi 2026-yil 1-yanvardan boshlanmaydi. Ekostiker rangi mos kelmaydigan hududga kirilganda haydovchilarga tegishli tartibda jarimalar qo‘llash 2 yildan so‘ng boshlanadi. Bu vaqt oralig‘ida har bir haydovchi o‘z avtomobilining texnik holatini yaxshilash imkoniyatiga ega bo‘ladi.
2026-yil — bu faqat tizimni yo‘lga qo‘yish, haydovchilarni xabardor qilish va ekologik madaniyatni shakllantirish davri bo‘ladi.
Ekologik stiker — bu transport vositasining ekologik toifasini tasdiqlovchi elektron ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan yorliq hisoblanadi.
Stikerlar uch xil rangdan iborat bo‘ladi:
- yashil — “toza” ekologik daraja;
- sariq — “o‘rtacha” ekologik daraja;
- qizil — “zararli” ekologik daraja.
Rangli ekologik stikerlar Davlat yo‘l harakati xavfsizligi bo‘linmalarida ekologik operatorlar tomonidan beriladi. Transport egasi ixtiyoriy ravishda ekologik stiker olish uchun IIV Jamoat xavfsizligi departamenti Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati rasmiy veb-sayti yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali murojaat qilishi mumkin.
Ekostikerlar transport vositalariga birinchi marta va yiliga bir marta tekinga beriladi. Ekologik stikerlar quyidagi holatlarda qayta rasmiylashtiriladi:
- transport egasi yoki davlat raqami o‘zgarganda;
- old oyna almashtirilganda;
- stiker shikastlanganda yoki o‘chib ketganda.
Elektromobillar, moped, skuter, mototsikl singari transport vositalaridan ekostikerlar talab etilmaydi. Gibrid transport vositalari, agar ishlab chiqarilganiga uch yilgacha boʻlsa, ular toza toifali transport vositasi sanaladi. Dastlab mashinasi sariq yoki qizil stiker olgan haydovchi stikerlar rangini oʻzgartirish huquqiga ega.
Ekologik transport tizimi birinchi bosqichda 2025—2027-yillarda Toshkent shahrida, ikkinchi bosqichda 2028—2030-yillarda Nukus shahri va viloyatlar markazlarida hamda uchinchi bosqichda 2031—2034-yillarda boshqa barcha hududlarda joriy etilishi belgilangan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ