Ekologiya vazirligi hukumat tarkibidan chiqarilib, qo‘mitaga aylantiriladi
Aziz Abduhakimov prezidentining ekologiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi hamda yangi tashkil etilgan qo‘mitaga raisi etib tayinlandi
Фото: Wikipedia
Shavkat Mirziyoyev “Ekologiya va turizm sohalarida aholi talablariga tezkor javob bera oladigan boshqaruv tizimini yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi, deya xabar bermoqda prezident matbuot xizmati.
Hujjat ko‘ra, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Turizm qo‘mitasi Turizm qo‘mitasi sifatida qayta tashkil etiladi.
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi Vazirlar Mahkamasi tizimidan chiqarilib, uning negizida Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi tashkil etiladi.
Prezidentining ekologiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi — Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi lavozimi kiritiladi.
Davlat rahbari qarori bilan Aziz Abdukaxarovich Abduhakimov ushbu lavozimga tayinlandi. Ushu kunga qadar ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri lavozimida ishlab kelayotgandi.
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining asosiy vazifalaridan tashqari, Ekologiya qo‘mitasi “Chiqindidan holi hudud”, “Toza havo”, “Yashil makon”, “Eko-madaniyat” va “Bio meros” umummilliy loyihalarini amalga oshirish uchun mas’ul hisoblanadi.
Shuningdek, qo‘mita huzurida 15 nafargacha xorijiy va mahalliy ekspertlarni jalb qilgan holda “Ekoloyihalar fabrikasi” tashkil etiladi.
Shu kuni qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilanishicha, Ekologiya qo‘mitasi o‘z faoliyatida bevosita O‘zbekiston prezidentiga hisobdor hisoblanadi.
Ekologiya qo‘mitasi o‘z faoliyatini har qanday davlat organlari va tashkilotlari, ularning mansabdor shaxslaridan mustaqil ravishda amalga oshiradi hamda uning faoliyatiga ushbu mansabdor shaxslarning aralashuvi taqiqlanadi.
Qonunosti hujjatlarida belgilangan ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi Vazirlar Mahkamasining vakolatlari, ularga tegishli o‘zgartirishlar kiritilgunga qadar, bevosita Ekologiya qo‘mitasi tomonidan amalga oshiriladi.
Ekologiya qo‘mitasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining huquqlari va majburiyatlari bo‘yicha huquqiy vorisi hisoblanadi.
Ekologiya qo‘mitasi raisining 4 nafar o‘rinbosari O‘zbekiston prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi, maqomi, mehnatga haq to‘lash, tibbiy xizmat va transport ta’minoti sharoitlari bo‘yicha tegishli ravishda O‘zbekiston prezidenti maslahatchisi o‘rinbosarlariga tenglashtiriladi.
Ekologiya qo‘mitasining mansabdor shaxslari uchun avvalgi ish joyida berilgan uzoq muddatli xizmatlari, harbiy va maxsus unvonlar (martaba darajalari, malaka darajalari, diplomatik darajalar va boshqalar) uchun ustama va qo‘shimcha to‘lovlar saqlanib qoladi.
Davlat ekologik nazoratini amalga oshiradigan xodimlarning formali kiyim-bosh va farqlash belgilarini xarid qilish bilan bog‘liq xarajatlar Ekologiya qo‘mitasining budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
Ekopolitsiya xodimlarini maxsus texnika va transport vositalari bilan ta’minlash Ekologiya qo‘mitasining budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
O‘rmon va yashil hududlarni ko‘paytirish, cho‘llanishga qarshi kurashish agentligi, Gidrometeorologiya xizmati agentligi hamda Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi:
- direktorlari O‘zbekiston prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi;
- direktor o‘rinbosarlari O‘zbekiston prezidenti administratsiyasi rahbari tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi qo‘mitasi, viloyatlar va Toshkent shahar Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmalari rahbarlari Ekologiya qo‘mitasi raisi tomonidan O‘zbekiston prezidenti administratsiyasi bilan kelishilgan holda lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod qilinadi.
Hududiy bo‘linmalar va tuman (shahar) bo‘limlari mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tuzilmasiga kirmaydi hamda o‘z faoliyatini mustaqil amalga oshiradi va Ekologiya qo‘mitasi oldida hisobdor bo‘ladi.
Davlat organlari va tashkilotlari ekologik diplomatiya bo‘limlari xodimlarini lavozimga tayinlash va lavozimidan ozod etish masalalarini majburiy tartibda Ekologiya qo‘mitasi bilan oldindan kelishadi.
Ekologiya qo‘mitasiga muhofaza etiladigan tabiiy hududlar va davlat o‘rmon xo‘jaliklari tuzilmalarini (namunaviy tuzilmalarini) tasdiqlash vakolati beriladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ