O‘zbekistonda ishlab chiqarish jarayonlari uchun ekologik sertifikatlash joriy etiladi
Sertifikat olgan kompaniyalar Top Green Uzbekistan reytingiga ixtiyoriy ravishda qo‘shiladi

Фото: Getty Images
Vazirlar Mahkamasining «Ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatishda qo‘llaniladigan texnologik jarayonlarni ekologik sertifikatlashtirish to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.
«Yashil sertifikatlar» tizimi korxonalarning atrof-muhitga salbiy ta’sirini cheklash va tabiiy resurslardan oqilona foydalanishni rag‘batlantirish maqsadida joriy etilmoqda. Ekologiya vazirligi bu borada vakolatli organ bo‘ladi.
Sertifikatlarni rasmiylashtirish bilan o‘z sinov laboratoriyasiga ega bo‘lgan akkreditatsiya qilingan yuridik shaxslar shug‘ullanadi. Tashkilotda atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida 3 yildan ortiq ish stajiga ega bo‘lgan kamida 5 nafar mutaxassis ishlashi kerak.
1 oktabrdan «yashil sertifikat» olish majburiy bo‘ladi:
- texnik jihatdan tartibga solish normativ hujjatlaridagi talablarga muvofiq bo‘lishi kerak bo‘lgan O‘zbekistonda ishlab chiqariladigan mahsulotga muvofiqlik sertifikati olinganda;
- atrof muhitga ta’sir ko‘rsatishning I-II toifalariga mansub faoliyat turlari bo‘yicha normativlar loyihalarining davlat ekologiya ekspertizasini o‘tkazishda.
Tijorat banklariga eko-sertifikatlash talablariga muvofiqlashtirish maqsadida modernizatsiya ishlarini olib borayotgan korxonalar uchun «yashil» kredit liniyalarini ochish tavsiya etiladi. Shuningdek, Top Green Uzbekistan kompaniyalari reytingini ixtiyoriy ravishda ishga tushirish rejalashtirilgan.
Qaror kuchga kirgandan keyingi dastlabki 12 oyda (17 iyuldan) sertifikatlashtirish ishlari bepul amalga oshiriladi.
Eko-sertifikatni rasmiylashtirish uchun kompaniya akkreditatsiya qilingan organga ariza topshirishi kerak bo‘ladi. Unga jarayonlar bo‘yicha normativ hujjatlar, davlat ekologiya ekspertizasining ijobiy xulosalari, shuningdek atmosferaga chiqarilayotgan tashlamalar yuzasidan laboratoriya sinovlari bayonnomalari ilova qilinishi kerak.
Sertifikatlashtirish idorasi ekspert guruhi tarkibini tasdiqlaydi, jarayonlarning muvofiqligini baholash bo‘yicha shartnoma loyihasini tayyorlaydi va ishlar qiymatini hisoblaydi. Ular to‘langandan so‘ng, organ 30 ish kuni ichida kameral tahlil, audit va chiqindilarni baholashni amalga oshirishi kerak.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ