eBay kompaniyasi Depop platformasini $1,2 mlrd sotib oladi
Bitim joriy yilning ikkinchi choragida yakunlanishi kutilmoqda
eBay kompaniyasi yoshlar orasida ommalashgan Depop kiyim-kechak sotish platformasini Etsy onlayn-do‘konidan qariyb $1,2 mlrdga sotib olmoqda. Bitim joriy yilning ikkinchi choragida yakunlanishi kutilmoqda.
Etsy ushbu platformani 2021-yilda $1,6 mlrdga xarid qilgan edi. Kelishuv e’lon qilingach, 19-fevral kungi ochiq savdolarda Etsy aksiyalari 10% dan ziyodga, eBay aksiyalari esa qariyb 3% ga qimmatlagan. eBay aksiyalarining o‘sishiga kompaniyaning to‘rtinchi chorakdagi kutilganidan yuqori bo‘lgan moliyaviy natijalari ham turtki bergan.
eBay ushbu xarid orqali yosh auditoriyani jalb qilishni hamda ikkilamchi savdo bozoridagi o‘z pozitsiyasini mustahkamlashni ko‘zlamoqda. O‘tgan yili Depop tarmog‘idan 7 mln faol xaridor foydalangan va ularning qariyb 90% ini 34 yoshgacha bo‘lgan qatlam tashkil etgan. Kelishuvdan so‘ng platforma o‘zining asl nomini saqlab qoladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ