E-auksion direktori Davaktiv rahbari etib tayinlandi
Agentlikning sobiq rahbari yanvar oyida lavozimidan ozod qilingan edi
Фото: АУГА
Sohibjon Murodov O‘zbekiston Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori lavozimiga tayinlandi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.
Tayinlovga qadar Sohibjon Murodov agentlik tizimidagi “Elektron onlayn-auksionlarni tashkil etish” AJ (E-auksion) rahbari sifatida faoliyat yuritgan. U ushbu lavozimda Akmalxon Ortikovga almashtirildi.
Avvalgi rahbar Akmalxon Ortikov joriy yil yanvar oyi oxirida lavozimidan ozod etilgan edi. Tekshiruvlar davomida agentlik faoliyatida korrupsiya va yirik talon-torojlik holatlari aniqlangani bunga sabab bo‘ldi. Xususan, mas’ul shaxslar yopiq savdolar orqali yer uchastkasini 120 mlrd so‘mga sotgan, holbuki uning bozor qiymati kamida 250 mlrd so‘mni tashkil etgan.
Davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev barcha aktivlar savdosini chuqur o‘rganish va noqonuniy sxemalarga chek qo‘yish bo‘yicha topshiriq bergan. OAV ma’lumotlariga ko‘ra, sobiq rahbar hozirda qamoqda bo‘lib, tergovni Davlat xavfsizlik xizmati olib bormoqda.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ