Dushanbeda O‘zbekiston Savdo uyi ochildi
Savdo uyi qurilish materiallari yetkazib berish vazifasini bajaradi

Bugun Tojikiston poytaxti Dushanbeda “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi tomonidan tashkil etilgan O‘zbekiston Savdo uyi rasmiy ravishda ochildi, deb xabar bermoqda Tojikiston milliy axborot agentligi.
Tantanali ochilish marosimida «O‘zsanoatqurilishmateriallari» uyushmasi boshqaruvi raisi Baxtiyor Bobokulov, O‘zbekiston elchixonasi vakillari, ikki davlat tadbirkorlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Tadbir ishtirokchilari savdo maydonchasi sharoitlari, mahsulotlar ko‘rgazmasi va narxlari bilan tanishib, O‘zbekistonning qurilish materiallari eksporti bo‘yicha imkoniyatlarini o‘rganishdi.
Shuningdek, tadbir doirasida ikki davlat tadbirkorlari o‘rtasida B2B uchrashuvlari tashkil etildi.
Ma’lumki, yaqin qo‘shni davlatlar O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan qurilish materiallarining asosiy xaridorlari hisoblanadi. Jumladan, Tojikiston ushbu sohadagi yirik hamkorlardan biri bo‘lib, mamlakatda «Made in Uzbekistan» brendi ostidagi qurilish mahsulotlariga talab yildan-yilga ortib bormoqda.
2024-yilda Tojikistonga $115 mln qiymatidagi qurilish materiallari yetkazib berilgan. Shundan:
- $34 millionlik metall mahsulotlari,
- $13 millionlik quruq qurilish aralashmalari va sement mahsulotlari,
- $12 millionlik keramika mahsulotlari,
- $23 millionlik plastik quvurlar va buyumlar,
- $11 millionlik DSP va MDF mahsulotlari,
- $7 millionlik shisha va shisha buyumlari eksport qilingan.
Hozirda Tojikistonga gazobeton bloklari, issiqlikni tejovchi plitalar, tabiiy toshlar va devor qog‘ozlarini yetkazib berishni yanada oshirish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ