Guliston shahridagi “Do‘stlik” kanali bo‘yida yirik savdo-ko‘ngilochar majmua barpo etiladi
2026-yilda viloyat infratuzilmasini yaxshilashga 1,5 trln so‘m ajratilishi ma'lum qilindi
Foto: UzA
Guliston shahridan o‘tuvchi “Do‘stlik” kanali bo‘yidagi 67 gektarda yirik savdo-ko‘ngilochar majmua barpo etiladi. Bu haqda Prezident Mirziyoyev Sirdaryo viloyatidagi uchrashuvida e’lon qildi.
Guliston tumanining Sohilobod va Ahillik, Sirdaryo tumanining Kamolot mahallalari hududida ham jami 360 gektarda yirik daryo bo‘yi ekoturizm komplekslari tashkil qilinadi.
Bundan tashqari, 11 ta tuman hokimining birinchi o‘rinbosarlarini Pekindagi Kambag‘allikka qarshi kurashish bo‘yicha xalqaro markazda amaliyot o‘tashini tashkil qilish topshirildi.
Shuningdek, sirdaryolik 50 nafar yoshni Pekin shahriga jo‘natib, avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha kurslarda o‘qitish zarurligi qayd etildi.
Guliston universiteti qoshida Xitoyning “Lu Ban ustaxonasi” dasturi doirasida kasb-hunarga o‘qitish markazini, Sirdaryo tumanidagi tibbiyot texnikumi negizida esa Xitoy bilan hamkorlikda farmatsevtika texnologiyalari yo‘nalishida oliygoh tashkil qilishga ko‘rsatma berildi.
A-373 yo‘lini Sayxunobod va Guliston tumanidan o‘tgan 37 kilometr qismi yaroqsiz bo‘lgani uchun transport shahar orqali harakatlanishga majbur bo‘lyapti.
Bu yo‘lni 6 tasmali qilib rekonstruksiya qilish ishlarini boshlash topshirildi.
Osiyo taraqqiyot banki bilan ichki yo‘llarni qurish loyihasi amalga oshirilmoqda. Mutasaddilarga ushbu dastur doirasida Boyovut, Guliston, Xovos, Mirzaobod, Sirdaryo va Sayxunobodning 18 ta mahallasidagi 67 kilometr yo‘lni sement-beton qoplamaga o‘tkazish topshirildi.
“Do‘stlik” kanalining Guliston shahridan o‘tgan 5 kilometr qismi rekonstruksiya qilingani uchun qirg‘oq bo‘yi dam olish maskanlari tashkil etildi.
Kelgusi yilda kanalning qolgan 3,5 kilometr qismi ham beton qoplamaga o‘tkazilishi belgilandi.
Sirdaryoda yiliga o‘rtacha 10 ming yangi oila paydo bo‘layotganini hisobga olib, uy-joyga talabni qondirish uchun yil yakunigacha 3 ming 100 ta xonadonga ega ko‘p qavatli uylarni foydalanishga topshirish, 2026-yilda yana 3,5 ming kvartirali 80 ta uy-joy barpo etish maqsad qilib olindi.
2026-yilda viloyat infratuzilmasini yaxshilashga 1,5 trln so‘m, tadbirkorlik loyihalari uchun 10 trln so‘m resurs berish rejalashtirilgan. Shuning 753 mlrd so‘mi mahallalar sharoitini yaxshilash uchun ilk bor Sirdaryo viloyati va tuman budjetlariga ajratilmoqda.
Endilikda bu mablag‘ni har bir tuman va mahallada tadbirkorlikning rivojlanishiga mustahkam zamin bo‘ladigan infratuzilma loyihalariga yo‘naltirib, ish o‘rni va aholi daromadini ko‘paytirishi zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Bu ishlarning tashkil qilinishi Sirdaryo tumanidagi Tinchlik, Elobod, Do‘stlik, Ulug‘bek, Kamolot mahallalari misolida tushuntirildi.
Xalqaro ahamiyatdagi yo‘llarning 241 kilometri Sirdaryoning 7 ta tumanidan o‘tgani servis va logistikani rivojlantirish uchun katta imkoniyat.
Sirdaryo, Sayxunobod, Guliston va Boyovutni Bekobod bilan bog‘laydigan 74 kilometrni rekonstruksiya qilishni boshlash topshirildi. Bu yuzlab savdo-servis obyektlari, kafe-restoran, dam olish joylarini ishga tushirishga imkon beradi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ