2025-yil dekabrda so‘mlik omonatlar bo‘yicha stavkalar pasaydi, kreditlar esa qimmatlashdi
Milliy valyutadagi muddatli depozitlar 18,4% gacha tushgan bo'lsa, so‘mdagi kreditlar 21,9% ga yetdi
Фото: ТАСС
2025-yil dekabr oyida O‘zbekistonda milliy valyutadagi muddatli omonatlar bo‘yicha foiz stavkalari pasaydi, kreditlar bo‘yicha esa aksincha, o‘sish qayd etildi. Bu haqda Markaziy bank ma’lumot bermoqda.
Rasmiy statistikaga ko‘ra, dekabr oyida so‘mlik muddatli depozitlarning o‘rtacha tortilgan stavkasi 18,4% ni tashkil etdi. Bu noyabr oyidagi 18,8% ga nisbatan past ko‘rsatkichdir. Shu bilan birga, so‘mda beriladigan kreditlar bo‘yicha stavka 21,0% dan 21,9% gacha oshdi.
Chet el valyutasidagi moliyaviy mahsulotlar bo‘yicha esa nisbatan barqarorlik kuzatildi. Xususan, valyutadagi muddatli depozitlar stavkasi dekabrda 4,7% darajasida saqlanib qoldi, valyuta kreditlari bo‘yicha stavka esa biroz pasayib, 10% ni tashkil etdi.
2025-yil davomida so‘mlik depozitlar daromadliligi asta-sekin pasayib bordi, kredit stavkalari esa yuqori darajada saqlanib qoldi va yil oxirida yana oshdi.
Alohida ko‘rsatkichlarga ko‘ra, dekabr oyida jismoniy shaxslar omonatlari bo‘yicha eng yuqori stavka 20,6% ni tashkil etdi. Bir yilgacha bo‘lgan depozitlar uchun o‘rtacha stavka 17,2% bo‘ldi. Yuridik shaxslarning muddatli depozitlari bo‘yicha esa stavka 16,4% darajasida qayd etildi.
Kreditlar bo‘yicha jismoniy shaxslar uchun o‘rtacha stavka 22,7%, yuridik shaxslar uchun esa 21,5% ni tashkil etdi. Bir yilgacha bo‘lgan kreditlar 20,8% bilan, bir yildan ortiq muddatli kreditlar esa 22,4% bilan berildi.
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yil dekabr oyida aholining inflyatsion kutilmalari 11,5%, biznes subyektlariniki esa 11,1% bo‘lgan. Shu sababli real daromadlilik ijobiy saqlanib qolgan: jismoniy shaxslar depozitlari bo‘yicha real stavka 8,2%, yuridik shaxslar uchun esa 4,8% ni tashkil etdi.
Mutaxassislar fikricha, depozit stavkalarining pasayishi omonatchilar uchun daromadning qisqarishini anglatadi, biroq inflyatsiya fonida real foyda hanuz saqlanib qolmoqda. Kredit stavkalarining oshishi esa qarz oluvchilar uchun moliyalashtirish narxining yuqori darajada qolayotganini ko‘rsatadi.
Banklar uchun esa ushbu holat so‘mdagi resurslar narxining pasayishi va kredit stavkalarini yuqori darajada ushlab turish orqali daromad marjasini saqlashga intilish bilan izohlanmoqda.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ