O‘zbekistonda 30 ga yaqin davlat xizmatlari xususiy sektorga beriladi
Xususan, 1-martga qadar 11 tasi xususiylashtirilishi haqida ma'lum qilindi

Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
O‘zbekistonda 30 ga yaqin davlat xizmatlari xususiy sektorga beriladi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev raisligida xizmatlar sohasini rivojlantirish bo‘yicha o‘tkazilayotgan videoselektor yig‘ilishida aytilgan. Bundan tashqari Prezident qarori ham imzolangan.
So‘nggi uch yilda 27 turdagi davlat xizmatlari tadbirkorlarga berilgan.
Masalan, Davaktiv agentligi rieltor va baholovchini imtihondan o‘tkazish, toifa berishni, Turizm qo‘mitasi gidlarga malaka sertifikati berish xizmatini, Agrosanoat inspeksiyasi qishloq xo‘jaligi va maxsus texnikalarni majburiy ko‘rikdan o‘tkazishni xususiy sektorga berishi mumkinligi ta’kidlandi. Boshqa vazirlik va idoralarda ham tadbirkorlar bemalol qila oladigan xizmatlar juda ko‘pligi aytildi.
Mutasaddilarga joriy yilning 1-martigacha 11 ta, 1-oktabrgacha yana 18 ta davlat xizmatini xususiy sektorga berish choralarini ko‘rish topshirildi.
O‘tkaziladigan funksiyalar ro‘yxatiga quyidagilar kiradi:
- tibbiyot tashkilotlarini akkreditatsiya qilish;
- karantin ostidagi mahsulotlarni dezinfeksiya qilish (fumigatsiya qilish) (litsenziya asosida);
- malaka imtihonlarini o‘tkazish va rieltorlarni sertifikatlash;
- imtihonlar va professional baholovchilarni sertifikatlash;
- baholovchilarga toifalar berish;
- sud boshqaruvchilarini attestatsiyadan o‘tkazish;
- gidlar, gid-tashuvchilar va ekskursiya yetakchilarini sertifikatlash;
- hisoblagichlarni qiyoslash;
- yakka tartibdagi uy-joylarni qurish va rekonstruksiya qilishni nazorat qilish;
- kichik noturar joy obyektlarini qurish va rekonstruksiya qilishni nazorat qilish;
- M va N toifadagi avtotransport vositalarini ekologik sertifikatlash.
Har bir vazirlik o‘z tizimidagi qaysi xizmatni xususiy sektorga, jumladan autsorsingga berish va yangi xizmatlarni joriy qilish mumkinligi bo‘yicha taklif tayyorlashi kerak. Bunga Raqobat qo‘mitasi mas’ul bo‘ladi.
Tadbirkorlarda yer uchastkalari va davlat mulkini ijaraga olish yoki xususiylashtirish shartlari bo‘yicha savollar ko‘pligi bois, bu borada ochiq, shaffof, manfaatli shartlarni ishlab chiqish va e’lon qilish vazifasi qo‘yildi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ