O‘zbekistonda davlat xaridlarini bo‘yicha yagona ochiq elektron platforma ishga tushiriladi
Moliya vazirining o‘rinbosari so'zlariga ko'ra, platforma hozircha test rejimida ishga tushirilgan, kelgusi oydan u barcha uchun ochiq bo‘ladi
Davlat xaridlari tizimini yanada shaffof, raqobatbardosh va tadbirkorlar uchun qulay qilish masalalari muhokama etilgan ochiq davra suhbatida bir qator takliflar ilgari surildi. Tadbirda Moliya vazirligi, Transport vazirligi, Davlat xaridlari departamenti vakillari hamda xususiy sektor vakillari ishtirok etdi.
Tadbirkorlar takliflari
Tadbirda qatnashgan mahalliy tadbirkorlar davlat xaridlarida QQS (qo‘shilgan qiymat solig‘i) bilan bog‘liq tengsizlik masalalarini ko‘targan. Ularning ta’kidlashicha, xalqaro moliya institutlari mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladigan loyihalarda xorijiy kompaniyalarga QQS bo‘yicha imtiyozlar berilishi mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun raqobat sharoitini cheklab qo‘ymoqda.
Shuningdek, ayrim yirik kompaniyalar davlat buyurtmalarida g‘olib chiqib, keyinchalik ishlarni mahalliy subpudratchilarga arzon narxlarda bajartirayotgani haqida ham muammolar tilga olindi. Bu esa kichik tadbirkorlar manfaatlariga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani bildirildi.
Boshqa bir ishtirokchi esa muvofiqlik sertifikati olish tartibining murakkabligi va qimmatligi haqida gapirib, kichik ishlab chiqaruvchilar uchun yengilliklar berish zarurligini ta’kidladi. Uning aytishicha, hozirda bitta tovar uchun sertifikat olish narxi 4,5 mln so‘mni tashkil etmoqda, bu esa kichik bizneslar uchun sezilarli xarajatdir.
Rasmiylarning javobi
Moliya vazirligi vakillari bu borada takliflar allaqachon ishlab chiqilganini ma’lum qildi. Jumladan, bir xil turdagi tovarlar uchun keyingi sertifikatlarni olish to‘lovlarini olti barobargacha kamaytirish bo‘yicha qaror loyihasi ishlab chiqilgan.
Shuningdek, xalqaro loyihalarda mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun raqobat tengligini ta’minlash maqsadida takliflar hukumatga kiritilishi bildirildi.
Subpudratchilik masalasi bo‘yicha esa rasmiylar bu holatlarni Investitsiyalar vazirligi bilan birgalikda o‘rganish va mahalliy ishlab chiqaruvchilarga ustuvorlik berish mexanizmini ishlab chiqish zarurligini ta’kidlashdi.
Yagona davlat xaridlari platformasi joriy etiladi
Tadbirda yana bir muhim e’lon shuki — prezident topshirig‘iga asosan davlat xaridlari bo‘yicha yagona ochiq elektron platforma ishlab chiqilmoqda.
Biz buni hozir ishga tushiryapmiz, yaʼni test rejimida ishga tushirishni boshladik. Shu oyning yakunigacha oʻsha platformani ishga tushiramiz, yaʼni bitta joyda hamma platformalardagi bor maʼlumot, hamma uchun oʻsha ochiq, rejasini, qayerda nima olayotganligi, qancha summadan, kimdan olayotganligini toʻliq hammaga ochiqlaydigan tizim joriy qilish topshirigʻini olganmiz, deydi Iqtisodiyot va moliya vazirining o‘rinbosari Gulnora Raximova.
Uning so’zlariga ko’ra, hozirda bir nechta alohida tizimlar mavjud bo‘lib, ular o‘rtasida integratsiya yo‘q. Yangi platforma barcha xarid ma’lumotlarini — rejalashtirishdan tortib g‘olibni aniqlashgacha bo‘lgan jarayonni — bir joyda va ommaga ochiq tarzda aks ettiradi.
Yanayam jamoatchilikni faollashtirish maqsadida bitta platformaga jamlab, uni usability deymiz, yaʼni foydalanuvchi uchun qulay boʻlgan platformani ishga tushirish topshirigʻi ustida ishlayapmiz. Yaqin kunlarda ishga tushadi va hamma joyda uni koʻra olish imkoniyati yaratiladi, qo’shimcha qildi vazir o‘rinbosari.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ