O‘zbekiston davlat tashqi qarzi YaIMning 26%iga to‘g’ri kelmoqda
Qarz mablag‘lari hisobidan 2 ming kmga yaqin yo‘llar yangilanib, 2 700 MVtdan ortiq yangi elektr quvvatlari yaratilgan
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
Kapital.uz avvalroq 2025-yil 1-oktabr holatiga O‘zbekistonning umumiy tashqi qarzi $75,4 mlrdni tashkil etgani haqida xabar bergandi.
Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, mazkur summaning $37,4 mlrdi davlat tashqi qarziga to‘g‘ri keladi. Qolgan qariyb $38 mlrd esa davlat kafolatisiz xususiy va davlat korxonalarining qarz majburiyatlari, ya’ni korporativ qarz hisoblanadi.
Xalqaro tasnifga muvofiq, O‘zbekistonning davlat qarzi darajasi mo‘tadil va boshqariladigan hisoblanadi. Davlat tashqi qarzi hajmi $37,6 mlrd bo‘lib, bu mamlakat yalpi ichki mahsulotining 26%iga teng. Taqqoslash uchun, rasmiy YIM hajmi $145 mlrdga yaqin. Ushbu ko‘rsatkich jahon amaliyotida makroiqtisodiy barqarorlik uchun xavfli deb baholanadigan chegaralardan past darajada qolmoqda.
Qayd etilishicha, tashqi moliyalashtirishdan ko‘zlangan asosiy maqsad iqtisodiy o‘sishni tezlashtirish va aholining turmush darajasini oshirish hisoblanadi. Jalb etilgan mablag‘lar kapital, texnologiyalar, uskunalar va yangi bozorlarni rivojlantirishga yo‘naltirilgan.
2017–2025-yillarda davlat qarzi hisobidan amalga oshirilgan asosiy ishlar:
- 1 564 km avtomobil yo‘llari rekonstruksiya qilindi;
- 470 km temir yo‘l liniyalari elektrlashtirildi;
- 6 793 km ichimlik suvi va 664 km oqova suv tarmoqlari qurildi;
- 59 km issiqlik quvurlari, 1 286 ta individual issiqlik punktlari, 166 ta suv taqsimlash inshootlari va 31 ta oqova suv nasos stansiyasi barpo etildi;
- 2 737 MVt qo‘shimcha elektr quvvatlari yaratildi, 1 106 km yuqori kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari tortildi;
- 2 084 MVt yangi ishlab chiqarish quvvatlari ishga tushirildi, 16 423 mln kVt·soat elektr va 551,8 ming Gkal issiqlik energiyasi ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.
Transport va shahar infratuzilmasida:
- 4 ta Boeing 787-8 samolyoti;
- 2 ta Talgo-250 yuqori tezlikdagi poyezd;
- 30 ta elektrovoz;
- metropoliten uchun 70 ta vagon va 29 ta harakat tarkibi;
- 1 900 ta avtobus;
- 1 000 ta tez tibbiy yordam avtomobili;
- 541 ta chiqindi yig‘ish texnikasi va 13 ta issiqlik qozoni xarid qilindi.
Ta’lim va ijtimoiy sohada:
- 60 ta oliy ta’lim muassasasida 119 ta o‘quv va ilmiy laboratoriyalar tashkil etildi;
- 6 213 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari mebel va o‘quv materiallari bilan jihozlandi, 4 940 ta ofis texnikasi yetkazib berildi.
Qishloq va suv xo‘jaligida:
- 1 593 km kanallar qayta tiklandi;
- 3 396 ta gidroinshoot modernizatsiya qilindi;
- 423 ta tik quduq qurildi;
- 2,2 ming gektar issiqxonalar va 12,6 ming gektar intensiv bog‘lar barpo etildi;
- 334,9 ming tonna sig‘imli muzlatkich omborlari qurildi;
- 258,2 ming tonna qayta ishlash quvvatiga ega korxonalar ishga tushirildi.
Shuningdek, amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida 2017–2025-yillarda 2 mln dan ortiq ish o‘rni yaratildi, eksport hajmi 270%ga oshdi, jon boshiga YIM esa 418% ga ko‘paydi. Aholining o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi 2020-yildan 2024-yilgacha 73,4 yoshdan 75,1 yoshga yetdi.
Ta’kidlanishicha, tashqi qarz mablag‘larini jalb etish jarayoni qat’iy nazorat, shaffoflik va o‘lchanadigan natijalar tamoyillari asosida amalga oshirilmoqda. Loyihalarning barcha bosqichlari parlament nazorati ostida bo‘lib, ularning holati va bajarilish jarayonlari ochiq e’lon qilib boriladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ