Davlat aktivlari agentligi rahbari yer arzon sotilgani ortidan ishdan olindi
Prezident korrupsiya holatlari bo‘yicha SGB xodimlari mas’uliyatini ko‘rib chiqishni va IIV tizimida jinoyat ishlari qo‘zg‘atilganini ma’lum qildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori Akmalxon Ortikov lavozimidan ozod etilganini hamda “O‘zbekneftgaz” va Ichki ishlar vazirligi tizimida yirik moliyaviy qonunbuzarliklar aniqlanganini ma’lum qildi. Bu haqda davlat rahbarining matbuot kotibi xabar berdi.
Tekshiruvlar davomida Davlat aktivlarini boshqarish agentligi va “O‘zbekneftgaz” AJda milliardlab so‘mlik talon-toroj holatlari aniqlangan. Xususan, bozor qiymati kamida 250 mlrd so‘m bo‘lgan yer uchastkasi yopiq auksionda atigi 120 mlrd so‘mga sotilgani ma’lum bo‘ldi. Shu sababli agentlik rahbari Akmalxon Ortikov lavozimidan bo‘shatildi.
Prezident ushbu idoralarda korrupsiyaga yo‘l qo‘ygan mas’ullar faoliyatini keskin tanqid qildi. Davlat xavfsizlik xizmati raisiga mazkur tashkilotlarni nazorat qilgan xodimlarning mas’uliyatini ko‘rib chiqish topshirildi. Tergov jarayonlariga iqtisodiy ekspertlar jalb qilinib, davlat mulkini xususiylashtirishdagi korrupsiya sxemalari to‘liq fosh etilishi belgilandi.
Shuningdek, Prezident Administratsiyasi va boshqa davlat organlarida ichki korrupsiyaga qarshi nazorat — komplayens tizimi joriy etilishi ma’lum qilindi.
Yig‘ilishda moliyaviy sohadagi kamchiliklar ham keltirildi. Qisqa vaqt ichida byudjet tushumlarida muammolar va 53 trln so‘mlik talon-toroj holatlari aniqlangan. Tashqi savdo bo‘yicha debitorlik qarzdorligi $8 mlrddan oshgan. Korrupsiya natijasida yetkazilgan zarar 4,2 trln so‘mni tashkil etib, shundan 1,3 trln so‘mi qaytarilgan. Ushbu ishlar doirasida 55 kishi qamoqqa olingan.
Ichki ishlar vazirligi tizimida ham jiddiy qonunbuzarliklar qayd etildi. Davlat xaridlari jarayonida 186 mlrd so‘m byudjet mablag‘i o‘zlashtirilgani aniqlanib, vazir o‘rinbosari B. Abdullayev va departament rahbari R. Tursunovga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi.
Davlat rahbari huquqni muhofaza qiluvchi organlarda kadrlar siyosatini yangilash zarurligini ta’kidladi. Hozirda xizmat yoshi chegarasidan oshgan 300 dan ortiq rahbar lavozimda faoliyat yuritayotgani qayd etildi. Taqqoslash uchun, Favqulodda vaziyatlar vazirligida barcha rahbarlar 50 yoshdan kichik ekani misol qilib keltirildi.
Prezident yosh kadrlarni rahbarlik lavozimlariga tayinlash muhimligini bildirib, tajribali, nafaqadagi mutaxassislarni esa maslahatchi va murabbiy sifatida jalb qilish mumkinligini ta’kidladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ