Endilikda YaTTlar uchun soliq stavkalari xalq deputatlari tomonidan belgilanadi
Shuningdek, YaTTlarga yollanma ishchilari daromadlaridan 12% o‘rniga qat’iy soliq stavkasining yarmini to‘lash huquqi berildi

Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
2025-yilda jismoniy shaxslardan olinadigan qat’iy belgilangan daromad solig’i stavkalari o‘zgardi. Bu haqidagi moddalar Soliq Kodeksining 383-moddasida belgilangan.
Unga ko‘ra, Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo‘qorg’i Kengesi, viloyatlar va Toshkent shahar xalq deputatlari Kengashlari tumanlar va shaharlarning iqtisodiy rivojlanish darajasidan kelib chiqib, YaTTlar uchun qat’iy soliq stavkalarining eng kam va yuqori stavkalari doirasida qat’iy soliq stavkalarining miqdorini belgilaydi.
Shuningdek, YaTTlarga (daromadi 100 mln so‘mdan oshmaydigan) yollanma ishchilari daromadlaridan 12% o‘rniga qat’iy soliq stavkasining yarmini to‘lash huquqi berildi.
Masalan, Xonqa tumanidagi dehqon bozorida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini chakana sotuvchi YaTT o‘zi uchun oyiga 65 ming so’m qat’iy soliq to‘laydi. Avval yollanma xodimga 1 mln so‘m ish haqi hisoblansa, undan 12% stavka bo‘yicha, ya’ni 120 ming so‘m daromad solig’i to’lanar edi. Bu yildan boshlab yakka tartibdagi tadbirkor o‘z xodimi uchun qat’iy soliqning yarmini, ya’ni 32,5 ming so‘m to‘lash huquqiga ega.
Endi savdo komplekslari va bozorlarda faoliyat yurituvchi yakka tartibdagi tadbirkorlarning yollanma xodimlari uchun ijtimoiy soliq yiliga kamida 1 BHM miqdorida to‘lanadi. Avval bu ko‘rsatkish oyiga 50% BHM edi.
Soliq Kodeksining 408-moddasiga ko‘ra, yollanma xodimlar uchun ijtimoiy soliq 31-dekabrgacha to‘lanadi. Avval bu ko‘rsatkish 1-dekabrgacha amalga oshirilgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ