Chernogoriya O‘zbekiston fuqarolari uchun vizasiz tartibni bekor qildi
Yevropa Ittifoqi siyosatiga moslashish doirasida qabul qilingan qaror endilikda o‘zbekistonlik sayyohlardan ham viza talab etilishini anglatadi

Chernogoriya hukumati O‘zbekiston, Armaniston va Misr fuqarolari uchun vizasiz kirish tartibini bekor qildi. Bu haqda 9-oktabr kuni mamlakat hukumati matbuot xizmati ma’lum qildi.
Hukumatning 98-sessiyasida bosh vazir Miloyko Spayich raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda ushbu davlatlar fuqarolarini vizadan vaqtincha ozod etish haqidagi avvalgi qarorlar bekor qilindi.
Rasmiy bayonotda qayd etilishicha, bu o‘zgarishlar Chernogoriyaning milliy viza siyosatini Yevropa Ittifoqi talablariga moslashtirish va 2024–2027-yillarga mo‘ljallangan islohotlar dasturiga muvofiq amalga oshirilmoqda. Hukumatga ko‘ra, bu qaror mamlakatning Yevropa Ittifoqiga to‘laqonli a’zo bo‘lish yo‘lidagi qat’iy pozitsiyasini aks ettiradi.
O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi vakili Ahror Burxonovning ma’lum qilishicha, hozirda Chernogoriya bilan vizasiz tartib faqat turistik mavsum — 15-iyundan 30-avgustgacha amal qiladi. Shu davrda o‘zbekistonliklar mamlakatga turistik vaucher asosida kirishlari mumkin, qolgan vaqtlarda esa viza Moskvadagi elchixona orqali rasmiylashtiriladi.
Vazirlik Chernogoriya tomonidan vaqtinchalik vizasiz tartibni bekor qilish bo‘yicha rasmiy bildirishnoma hali olinmaganini ham ta’kidladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ