BYD zavodi O‘zbekistonda 10 ta yangi model ishlab chiqarish uchun $200 mln jalb qiladi
Jizzaxdagi korxonada yil oxirigacha Yuan Up elektromobilining to‘liq ishlab chiqarish sikli yo‘lga qo‘yiladi
Jizzax viloyatidagi BYD Uzbekistan Factory qo‘shma korxonasida yaqin olti yil ichida model qatori sezilarli darajada kengaytirilishi va ishlab chiqarish quvvatlari oshirilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda zavod bosh direktori Azizbek Muhitdinov “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Joriy yilda korxona 40 mingta avtomobil ishlab chiqarishni rejalashtirgan bo‘lib, bu o‘tgan yilgi ko‘rsatkichdan ikki barobar ko‘pdir. Asosiy vazifalardan biri — Yuan Up elektromobil krossoverini ishlab chiqarishni o‘zlashtirishdir. Yil yakuniga qadar ushbu model bo‘yicha to‘liq ishlab chiqarish sikli yo‘lga qo‘yilishi ko‘zda tutilgan. Rejalarga ko‘ra, umumiy hajmning 25 ming donasi aynan shu model hissasiga to‘g‘ri keladi. Taqqoslash uchun, 2024-yilda bu modeldan 368 dona sotilgan bo‘lsa, 2025-yilda savdo hajmi 6,8 ming donagacha oshgan.
Korxona rahbari lokalizatsiya darajasi yuqori sur’atlarda o‘sayotganini qayd etib, to‘liq ishlab chiqarish sikliga bir yil ichida o‘tilishi Xitoydagi hamkorlarning texnologik ko‘magi tufayli amalga oshganini ta’kidladi.
2030-yilga borib elektromobil va gibridlar ishlab chiqarish hajmini yiliga 200 ming donagacha yetkazish rejalashtirilgan. Ushbu maqsadlarni amalga oshirish uchun $200 mln investitsiya jalb etish ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, rivojlanish strategiyasi doirasida o‘n yillik yakuniga qadar Jizzax viloyatida 10 mingta yangi ish o‘rni yaratish rejalashtirilmoqda.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ