Toshkentda “Buyuk Ipak yo‘li” atrofida yo‘l o‘tkazgich va BRT liniyasi quriladi

Yangi loyiha transport oqimini kuniga 120 ming avtomobilgacha oshirishga xizmat qiladi

Toshkentda “Buyuk Ipak yo‘li” atrofida yo‘l o‘tkazgich va BRT liniyasi quriladi

Toshkent shahrida Mustaqillik prospekti, Mirzo Ulug‘bek va Buyuk Ipak yo‘li ko‘chalari kesishmasida ikki darajali yo‘l o‘tkazgich hamda tezkor avtobuslar uchun alohida yo‘laklar (BRT) quriladi. Bu haqda poytaxt hokimligi tomonidan yo‘l infratuzilmasini yangilash loyihasi taqdimotida ma’lum qilindi, deb xabar bermoqda Kapital.uz jurnalisti.

Loyiha hozirda shaharning eng tirband hududlaridan birini qamrab oladi. U Xitoyning China Construction kompaniyasi muhandislari bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan.

Transport oqimini optimallashtirish uchun sun’iy intellekt asosida kompyuter modellashtirishdan foydalanilgan. Qurilish yakunlangach, mazkur hududdan o‘tuvchi avtomobillar soni kuniga 98,8 mingdan 120 mingtagacha oshadi. Shuningdek, C1 massivdan Kichik halqa yo‘ligacha bo‘lgan 8 km masofani bosib o‘tish vaqti tig‘iz soatlarda 45 daqiqadan 32 daqiqagacha qisqaradi. O‘rtacha harakat tezligi esa 26 km/soatgacha yetadi.

Mirzo Ulug‘bek ko‘chasida sobiq tramvay yo‘llari o‘rnida BRT yo‘lagi tashkil etiladi. U shahar markazidan o‘tuvchi va Shota Rustaveli ko‘chasigacha cho‘zilgan mavjud alohida yo‘lak bilan integratsiya qilinadi. Durmon yo‘li bilan kesishmada yerosti tunneli qurilib, uning ustida avtobus platformalari joylashtiriladi.

Jamoat transporti metropoliten bilan uzviy bog‘lanadi, avtobuslar tezligi esa ushbu yo‘nalishda 23 km/soatgacha yetishi kutilmoqda.

Qurilish ishlari qisqa muddatda — 50–60 kun ichida amalga oshiriladi. Rekonstruksiya “fasaddan fasadgacha” tamoyili asosida olib borilib, yo‘llar bilan birga piyodalar yo‘laklari, veloyo‘laklar va dam olish infratuzilmasi ham yangilanadi.

Mavjud daraxtlar ekspert xulosasidan so‘ng Milliy dendrologiya bog‘iga ko‘chiriladi, ularning o‘rniga esa 8 gektar yangi yashil hudud barpo etiladi.

Loyihaning aniq qiymati moliyaviy hisob-kitoblar yakunlangach e’lon qilinadi. Investor sifatida China Construction kompaniyasi ishtirok etmoqda. Poytaxt hokimligi ushbu tashabbusni jamoat transportini rivojlantirishga qaratilgan strategiyaning muhim qismi sifatida baholamoqda.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

O‘zbekistonda mart oyida inflyatsiya 0,6%ni tashkil etdi
/
O‘zbekistonda mart oyida inflyatsiya 0,6%ni tashkil etdi
Toshkentda noqonuniy buzilgan reklama konstruksiyalari uchun kompensatsiya beriladi
/
Toshkentda noqonuniy buzilgan reklama konstruksiyalari uchun kompensatsiya beriladi
Mobiuzni xususiylashtirish bo‘yicha takliflar qabul qilish muddati uzaytirildi
/
Mobiuzni xususiylashtirish bo‘yicha takliflar qabul qilish muddati uzaytirildi