Buyuk Britaniya to‘rtta o‘zbekistonlik kompaniyaga sanksiya kiritdi
Ro‘yxatda Farg‘ona kimyo zavodi, Gelion Business Trade, Chemistry International va Raw Materials Cellulose kabi korxonalar mavjud
Buyuk Britaniya yangilangan sanksiyalar ro‘yxatiga Farg‘ona kimyo zavodi, Gelion Business Trade, Chemistry International, Raw Materials Cellulose kompaniyalari hamda tadbirkor Rustam Mo‘minovni kiritdi. Bu haqda hukumatning rasmiy saytida e’lon qilingan hujjatda ma’lum qilindi.
Britaniya hukumati Farg‘ona kimyo zavodiga nisbatan moliyaviy aktivlarni muzlatish va trast xizmatlarini ko‘rsatishni taqiqlash choralarini qo‘lladi. London talqiniga ko‘ra, korxona Ukrainaga qarshi suverenitetni zaiflashtirishga xizmat qilgan mahsulot yoki texnologiyalar yetkazib berishda ishtirok etgan bo‘lishi mumkin.
Sanksiyalar Toshkentda ro‘yxatdan o‘tgan Gelion Business Trade kompaniyasiga ham tatbiq etildi. Hujjatda qayd etilishicha, firma vaziyatni beqarorlashtirishga hissa qo‘shgan tovarlar yetkazib berishda qatnashgan bo‘lishi ehtimoli bor. Shu kabi asoslar bilan Navoiy viloyatidagi Chemistry International qo‘shma korxonasi va Jizzaxdagi Raw Materials Cellulose tashkilotiga ham cheklovlar joriy etildi.
Shaxsiy sanksiyalar Toshkentda tug‘ilgan, O‘zbekiston, Isroil va Rossiya pasportlariga ega bo‘lgan tadbirkor Rustam Mo‘minovga nisbatan qo‘llandi. U beqarorlashtiruvchi faoliyatni moliyaviy resurslar yoki xizmatlar bilan ta’minlaganlikda gumon qilinmoqda.
Umuman olganda, Buyuk Britaniya hukumati sanksiyalar ro‘yxatini 24 ta jismoniy va yuridik shaxs bilan kengaytirdi. Ro‘yxatga kiritilgan barcha shaxslarga mamlakat hududidagi bank hisoblarini muzlatish va qo‘shimcha moliyaviy cheklovlar tatbiq etiladi.
Avvalroq Rustam Mo‘minov Yevropa Ittifoqining 19-sanksiyalar paketiga ham kiritilgan edi. Bryussel tadbirkorni Farg‘ona kimyo zavodida ishlab chiqarilgan paxta sellyulozasini Rossiyaning mudofaa korxonalariga porox ishlab chiqarish uchun yetkazib berish bilan bog‘lagan. Shuningdek, joriy yil may oyida mazkur kompaniyalar va Muminovga nisbatan Ukraina hukumati tomonidan ham shunga o‘xshash cheklovlar joriy etilgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ