Buxoro yangi aeroporti 2026-yil oxirida foydalanishga topshirilishi aytilmoqda
Ta’kidlanishicha, loyiha ikki vazirlik tomonidan tasdiqlanishi kerak
Buxoroisharif.uz
Buxoroning yangi aeroporti qurilishini yakunlash va foydalanishga topshirish 2026-yil oxiriga rejalashtirilgan. Bu haqda Uzbekistan Airports kompaniyasi raisi Javlonbek Umarxo‘jayev 20-mart kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, loyihaning texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish yakunlangan va hozirda u tasdiqlash bosqichida. Hujjat ikki vazirlik tomonidan tasdiqlanishi kerak. Bu jarayonni “aprel oxiri — may oyining boshigacha” yakunlash reja qilingan.
“Shunga qaramay, biz allaqachon Buxoro shahridagi yangi joyda qurilish-montaj ishlarini boshlab yubordik”, — dedi kompaniya rahbari.
Yangi aeroport qurilishi davlat-xususiy sheriklik doirasida amalga oshirilmoqda. Kompaniya loyihani ekologik jihatdan qulay deb atagan. Javlonbek Umarxo‘jayevning ta’kidlashicha, ishlar aholini ko‘chirish va daraxtlarni kesishni talab qilmaydi, qolaversa, atrof-muhitga ta’sir ko‘rsatadigan boshqa omillar ham yo‘q.
Buxoroning yangi xalqaro aeroporti shahar markazidan 26 km uzoqlikda 307 gektar (ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, 380) maydonda quriladi. 2024-yil 9-oktabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev loyiha bilan tanishib, uning quvvatini oshirish zarurligini ta’kidlagandi.
Davlat rahbari matbuot xizmati xabariga ko‘ra, hozirgi Buxoro aeroporti soatiga 400, yiliga 1 mln yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatishi mumkin. Parvozlarni boshqarish va yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish tizimlari eskirgani uchun aksariyat sayyohlar Buxoroga borish uchun Toshkent, Samarqand yoki Urganch aeroportlariga qo‘nishga majbur bo‘lmoqda. Shu munosabat bilan soatiga 1200, yiliga 3 mlndan ortiq yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatadigan yangi aeroport qurish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ