Brent nefti narxi bir kunda $92 gacha pasaydi
Avvalgi kuni kotirovkalar 25%ga oshib, uch yillik maksimal darajani yangilagan edi
Jahon bozorida Brent crude oil va WTI crude oil markali neft narxlari pasaya boshladi. Bu haqda Reuters xabar berdi.
10-mart kuni Brent fyucherslari $6,51ga arzonlab, bir barrel uchun $92,45 darajasida qayd etildi. WTI markasi esa $6,12ga pasayib, $88,65ni tashkil qildi. Business Insider ma’lumotlariga ko‘ra, bir kun avval neft narxi $100dan oshib, 2022-yil yozidan beri ilk bor $120ga yaqinlashgan edi.
Kotirovkalar pasayishi Yaqin Sharqdagi vaziyat yumshashi mumkinligi haqidagi kutilmalar bilan bog‘liq. Xususan, Donald Trump mintaqada tez orada sulh bo‘lishi ehtimolini bildirgan. Shuningdek, AQSH rahbarining Vladimir Putin bilan telefon muloqoti o‘tkazgani va unda inqirozni hal etish masalalari muhokama qilingani qayd etildi. Vashington Rossiya eksportiga qo‘yilgan ayrim cheklovlarni yumshatish hamda strategik zaxiralardan foydalanish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.
Avvalroq narxlarning keskin oshishiga Ormuz bo‘g‘ozining bloklanishi sabab bo‘lgan edi. Bu holat Kuvayt va Birlashgan Arab Amirliklarida neft omborlarining to‘lib ketishiga olib kelgan.
Energetika bozoridagi beqarorlik fond bozorlariga ham ta’sir ko‘rsatdi. Nikkei 225 5%ga, Hang Seng esa 1,3%ga pasaydi. Oltin narxi $5100ga tushdi, AQSH dollari kursi esa biroz mustahkamlandi.
ING Group tahlilchilarining fikricha, Fors ko‘rfazida kemalar qatnovi to‘liq tiklanmaguncha bozor yuqori volatillikni saqlab qoladi. Ularning bahosiga ko‘ra, yaqin davrda neft narxi bir barrel uchun $75–105 oralig‘ida tebranishi mumkin.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ