Bozorga kim moslashsa — o‘sha yutadi: Yulduz Mavlyanovaning biznes modeli qanday ishlaydi

Talabning o‘zgarishi, kamtarona modellar, sifatga urg‘u va xodimlar boshqaruvi: salon industriyasi misolida yangi tendensiyalar

Bozorga kim moslashsa — o‘sha yutadi: Yulduz Mavlyanovaning biznes modeli qanday ishlaydi

O‘zbekistonning to‘y liboslari bozori so‘nggi yillarda tubdan o‘zgardi: dizaynlar, talablari o‘zgarayotgan mijozlar, yangi modalar, rivojlanayotgan lokal ishlab chiqarish. Bozor dinamikasini eng yaxshi biladiganlardan biri — 15 yildirki ushbu segmentda faoliyat yuritayotgan La Sposa, La Renta va La Sposa Atelier asoschisi Yulduz Mavlyanova. Suhbatimiz davomida Yulduz Mavlyanova brendning yaratilish tarixidan tortib, bugungi kun trendlarigacha bo‘lgan jarayonlarni batafsil gapirib berdi.

Biznesimning boshlanishi — o‘zim topa olmagan narsani yaratish istagi bo‘ldi

Yulduz Mavlyanova ta’kidlashicha, La Sposa g‘oyasi uning shaxsiy ehtiyojlaridan shakllangan:

Men zamonaviy, brendli, yevropacha to‘y libosi topolmaganman. O‘sha paytda bor narsalar yoki qimmat, yoki modaga mos emas edi. Shunda o‘yladim: nega bu imkoniyatni O‘zbekistonda yaratsa-chi?

Yulduz Mavlyanova nikohdan keyingi bir yil davomida uyda bo‘lgan, aynan shu vaqt mobaynida Say Yes to the Dress ko‘rsatuvini ko‘rib, to‘y modasiga bo‘lgan qiziqishi oshgan. Keyin Yevropaga qilgan safarida u izlagan liboslar kolleksiyasini topgan va shu uning biznes boshlashi uchun boshlang‘ich nuqta bo‘lgan.

$100 minglik start: “Eng qimmat xarajat — remont bo‘ldi”

La Sposa 2011-yilda tashkil etilgan. Mavlyanova dastlabki investitsiya taxminan $100 ming bo‘lganini aytadi:

Dastlab $60 ming bilan boshladik, keyin yana $35 ming qo‘shildi. Eng ko‘p xarajat esa remontga ketdi. To‘y liboslariga pul yetdi, ammo mebelga yetmadi — dastlabki mebellarni uyimizdan olib kelganmiz.

Dastlabki salonda maydoni 200 kv.m, lekin kolleksiya atigi 14 ta libosdan iborat bo‘lgan. Ular katta zalga “singib ketgani” uchun Yulduz o‘zining ikki libosini ham, dugonasining libosini ham qo‘shib qo‘ygan. Shunga qaramay, salonda birinchi kundanoq mijozlar paydo bo‘lgan.

Brend emas, natija muhim: “O‘zimiz tikkan liboslar bir kunda sotiladi”

Bozorda so‘nggi 2–3 yil ichida juda katta o‘zgarishlar kuzatilmoqda. Yulduzning aytishicha, o‘zbek brendlariga bo‘lgan talab oshgan. Shuningdek, libosning o‘tirishi, qulayligi va individual yondashuvi ustuvor bo‘lib qoldi.

Hozir odamlar uchun libosning qanday o‘tirishi muhim. Shu tufayli o‘zbek brendlari bugungi kunda trendga aylandi. Biz ham o‘z kolleksiyalarimizni kengaytirdik.

Uning ta’kidlashicha, La Sposa Atelier’da tikilgan liboslar bozorda ayniqsa ommabop:

Yevropadan kelgan libos oylar davomida mijozini kutishi mumkin. Biz o‘zimiz tikkan libos esa ko‘pincha bir kunda sotiladi. Ba’zan yetkazib bera olmay qolamiz ham.

Yopiq, kamtarona modellar: trend o‘zgardi, talab ham o‘zgardi

Yulduzning aytishicha, bugungi eng sezilarli o‘zgarishlardan biri — yopiq uslubdagi to‘y liboslariga talabning oshishi.

15 yil oldin ochiq liboslar juda ommabop edi. Hozir esa ko‘plab qizlar kamtarona variantlarni tanlashmoqda. Bu biroz diniy qadriyatlar kuchaygani bilan bog‘liq. Hattoki qizlarning yaqinlari ham yopiqroq modellarni so‘rashadi.

Bu esa atelyega yangi chaqiriqlar, lekin katta imkoniyatlar ham yaratgan:

Yevropadan kelgan libosni yopish qiyin bo‘lardi. Mos keladigan krujeva topilmasdi. Shunda biz o‘z modellarimizni yaratishni boshladik. Endi Pinterest’dagi istalgan orzu libosini shu yerning o‘zida tikib bera olamiz.

Bozorga kirish strategiyasi: “Kuchli tomonlar bir nechta bo‘lishi kerak”

Mavlyanova La Sposa’ning tez tanilishiga uchta omil sabab bo‘lganini aytadi:
1. Sifat
– Yevropaning premium kolleksiyalari.
2. Unikal assortiment
– O‘sha paytda O‘zbekistonda bo‘lmagan modellar.
3. Moslashgan narx siyosati
– Narx qo‘yishni bilmasdim, shuning uchun juda past narx belgilardim. Bu esa mijozlarning sonini tez oshirdi.

Biznesdagi eng katta sinov: xodimlar bilan bog‘liq muammolar

Intervyu davomida Yulduz eng og‘ir davr — to‘g‘ri xodim topish bo‘lganini alohida ta’kidladi.

Juda ishonuvchan edim. Tekshiruv bo‘lmasdi. Natijada xodimlar tomonidan muommolar bo‘ldi. Bu kompaniya uchun juda katta zarba edi.

Shundan so‘ng u tizimni tubdan o‘zgartirgan:

  • xodimlar maoshini oshirdi;
  • bonus tizimini joriy qildi;
  • xizmat jarayonlari bo‘yicha aniq yo‘riqnomalar yaratdi;
  • va eng muhimi — mijoz noroziligiga nisbatan jarima tizimini ishga tushirdi.

Jarimalardan keyin hamma talablarni aniq bajara boshladi. Endi tizim men bo‘lmasam ham o‘zi ishlaydi.

Janubiy Afrika tajribasi: “Bu maktab meni boshqaruv bo‘yicha o‘stirdi”

Yulduz bir muddat Janubiy Afrikaning Yoxannesburg shahrida yashagan va u yerda ham to‘y salonida ishlagan.

U yerda motivatsiya, mijoz bilan ishlash, savdo rejasi tuzish bo‘yicha juda ko‘p tajriba oldim. Bu keyinchalik biznesimni professional tizimga aylantirishimga yordam berdi.

Bugungi bozorni nima belgilayapti?

Yulduz Mavlyanovaning fikricha, so‘nggi yillarda quyidagi omillar asosiy rol o‘ynayapti:

  • lokal ishlab chiqarilgan liboslarga talabning ortishi;
  • yopiq, kamtarona modellar;
  • individual tikuvga bo‘lgan ehtiyoj;
  • libosning brendiga emas, sifatiga e’tibor berilishi;
  • tadbirkorning shaxsiy brendi va obro‘si.

Qulaylik yaratgan salon — har doim g‘olib bo‘ladi.

Yoshlarga maslahat: “Eng katta investitsiya — bilim va rivojlanish”

Suhbat yakunida Yulduz tadbirkorlik yo‘lini tanlagan qizlarga shunday deydi:

Avvalo, o‘zingizni toping. Qaysi yo‘nalishda qobiliyatingiz bor — shu yerda rivojlaning. Maqsadli bo‘ling, himmatli bo‘ling, qo‘rqmang. Ishingizni sevganingizda natija o‘zi keladi.

Xulosa

Yulduz Mavlyanovaning tajribasi shuni ko‘rsatadiki, kichik biznesda eng katta chaqiriq — barqaror tizim yaratish. Xodimlar bilan bog‘liq muammolar, xizmat sifati va ichki tartibdagi kamchiliklar biznesni izdan chiqarishi mumkin. Biroq to‘g‘ri boshqaruv, motivatsiya va aniq jarayonlar bu har xil xavflarni kamaytiradi va xizmat sifatini keskin oshiradi.

Janubiy Afrikada orttirilgan tajriba unga xizmat madaniyati va boshqaruv mexanizmlarini chuqurroq tushunishga yordam bergani hamda bugungi faoliyatida asosiy poydevorga aylangani seziladi. Hozirgi bozor esa sifati, qulayligi va ishonchliligi bilan ajralib turgan salonlarni tanlamoqda.

Yulduzning yoshlarga bergan tavsiyasi ham aniq: bilimga sarmoya qilish, o‘z yo‘lini topish va intizom bilan ishlash — muvaffaqiyat uchun eng kuchli vosita bo‘lib qolmoqda.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Markaziy bank: so‘mning ikki yo‘nalishli harakatga o‘tishi bozordagi kutilmalarni tubdan o‘zgartirdi
/
Markaziy bank: so‘mning ikki yo‘nalishli harakatga o‘tishi bozordagi kutilmalarni tubdan o‘zgartirdi
O‘zbekiston diplomi salqam 40 davlatda tan olinadi
/
O‘zbekiston diplomi salqam 40 davlatda tan olinadi
O‘zbekiston aeroportlari jadallik bilan  o‘sish bosqichiga kiryapti
/
O‘zbekiston aeroportlari jadallik bilan o‘sish bosqichiga kiryapti