Toshkentdagi bozorlarni tijorat maqsadida tasvirga olish uchun 5 mln so‘m to‘lov belgilandi
Shuningdek, yengil mashinalarga avtoturargoh uchun dam olish kunlari undiriladigan to‘lov oshirildi
Фото: Yandex
Toshkentdagi bozorlarda tijorat maqsadida suratga yoki videoga olganlik uchun to‘lov undiriladi. Bu Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzakovning 18-noyabrdagi qarorida ko‘zda tutilgan.
Hujjat bilan hokimning 14-fevraldagi bozorlar va savdo komplekslarining ma’muriyati tomonidan undirib olinadigan bir martalik yig‘imlar, ijara to‘lovlari va ko‘rsatiladigan xizmatlar qiymati miqdorlariga oid qaroriga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Xususan, bozorlar va savdo komplekslari hududidan tijorat maqsadida video/tasvirga olishda foydalanish uchun 1 soatga 5 million so‘m to‘lov belgilandi. Bunda videorolik, reklama roligi, klip yoki boshqa usulda video/tasvirga olish nazarda tutilgan. Ammo xorijdan kelgan turistlar va ommaviy axborot vositalari bundan mustasno hisoblanadi.
Hokimlik o‘z xabarida aniqlik kiritishicha, bozorlarda suratga olish bo‘yicha yangi qoidalar oddiy tashrif buyuruvchilarga tegishli emas.
Xaridlaringizni telefonga suratga olish, oila bilan rasmga tushish, shaxsiy blog yoki storislar yuritish — bepul va ruxsat etilgan. Sayyohlar, maktab o‘quvchilari, talabalar, rasmiy OAV jurnalistlariga hech qanday cheklovlar qo‘llanilmaydi, — deyiladi izohda.
Ta’kidlanishicha, qoidalar faqat tijorat maqsadidagi suratga olishga, ya’ni daromad olish uchun mo‘ljallangan videotasvirlarni olishga taalluqli bo‘lib, ularning ro‘yxati ham keltirib o‘tilgan:
- muntazam ravishda reklama, integratsiya va “prosmotr”lardan pul topadigan yirik blogerlar va inflyuenserlar;
- kliplar, reklama roliklari, hujjatli loyihalar, seriallar yoki filmlar suratga oladigan tijorat studiyalari va media ishlab chiqarish guruhlari;
- o‘z tovarlari va xizmatlarini targ‘ib qilish uchun bozor hududidan foydalanadigan kompaniyalar.
Shuningdek, qayd etilishicha, tijorat maqsadidagi suratga olish uchun to‘lovlar rasmiy, shaffof tarzda yig‘iladi va infratuzilmani rivojlantirishga yo‘naltiriladi. Mablag‘lar xususan, hududlarni obodonlashtirish, sanitariya va xavfsizlikni ta’minlash, piyodalar yo‘laklari va o‘tish joylarini yaxshilash, kuzatuv va yoritish tizimlariga xizmat ko‘rsatishga sarflanadi.
Bu yerda hech qanday „shaxsiy manfaatlar“ yoki „cho‘ntak sxemalari“ yo‘q va bo‘lishi ham mumkin emas, — deyiladi hokimlik xabarida.
Bundan tashqari, bozorlar va savdo komplekslari tomonidan avtotransport vositalarini vaqtincha saqlash uchun undiriladigan to‘lovlar miqdoriga o‘zgartirish kiritilib, yengil mashinalar uchun dam olish kunlari undiriladigan to‘lov oshirildi (avval ish kunlari va dam olish kunlari olinadigan to‘lovlar miqdori farq qilmasdi).
Yengil avtomashinalar uchun (haftaning dushanba — juma kunlari):
- 20 minutgacha — 5 ming so‘m;
- 40 minutgacha — 7 ming so‘m;
- 1 soatgacha — 8 ming so‘m;
- 2 soatgacha — 9 ming so‘m;
- 3 soatgacha — 10 ming so‘m;
- 4 soatgacha — 14 ming so‘m;
- 4 soat va undan ortiq vaqt uchun — 15 ming so‘m.
Yengil avtomashinalar uchun (haftaning shanba — yakshanba kunlari):
- 20 minutgacha — 5 ming so‘m;
- 40 minutgacha — 7 ming so‘m;
- 1 soatgacha — 8 ming so‘m;
- 2 soatgacha — 9 ming so‘m;
- 3 soatgacha — 25 ming so‘m;
- 4 soatgacha — 35 ming so‘m;
- 4 soat va undan ortiq — 50 ming so‘m.
Yuk avtomobillari uchun:
- 20 minutgacha — 7 ming so‘m;
- 40 minutgacha — 9 ming so‘m;
- 1 soatgacha — 10 ming so‘m;
- 2 soatgacha — 11 ming so‘m;
- 3 soatgacha — 12 ming so‘m;
- 4 soatgacha — 14 ming so‘m;
- 4 soat va undan ortiq vaqt uchun — 18 ming so‘m.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ