O‘zbekistonda bond omborlarini tashkil etish tartibi tasdiqlandi
Import mahsulotlari saqlanadigan omborlar operatorlar esa bojxona va marketpleyslar bilan integratsiyalashgan tizimga ega bo‘lishi kerak
O‘zbekistonda import mahsulotlarini bojxona nazorati ostida saqlash va ularni elektron savdo platformalari orqali jismoniy shaxslarga sotish uchun mo‘ljallangan bond omborlarini tashkil etishning vaqtinchalik tartibi tasdiqlandi. Bu haqdagi hukumat qarori Lex.uz portalida e’lon qilindi.
Hujjatga ko‘ra, bond omborlari import qilinadigan mahsulotlarni bojxona nazorati ostidagi erkin ombor bojxona rejimida saqlash uchun tashkil etiladi. Mazkur mahsulotlar keyinchalik elektron tijorat platformalari orqali jismoniy shaxslarga sotiladi.
Ombor hududida mahsulotlarni tashishga va sotuvga tayyorlash ishlari ham amalga oshirilishi mumkin. Xususan, ularni saralash, qadoqlash, qayta qadoqlash, aksiz markasisiz markirovka qilish hamda oddiy yig‘ish operatsiyalariga ruxsat beriladi.
Bond omborini bojxona ombori faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziyaga ega bo‘lgan va Bojxona qo‘mitasi yuritadigan maxsus reyestrga kiritilgan yuridik shaxs tashkil etishi mumkin.
Bunday omborlar uchun minimal maydon 15 ming kvadrat metr etib belgilangan. Shuningdek, ular davlat organlari axborot tizimlari bilan integratsiyalashgan elektron hisob tizimiga ega bo‘lishi hamda elektron savdo platformasi bilan shartnoma tuzgan bo‘lishi lozim. Reyestrga kiritish bo‘yicha arizalar Bojxona qo‘mitasi tomonidan 10 ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi.
Import mahsuloti omborga kelib tushganidan so‘ng uning egasi 15 kun ichida bojxona deklaratsiyasini rasmiylashtirishi kerak. Deklaratsiyada mahsulot miqdori chakana savdo birliklarida — dona, juft yoki to‘plam ko‘rinishida ko‘rsatiladi. Vazn yoki hajm bo‘yicha sotiladigan mahsulotlarni bond omboriga joylashtirishga ruxsat etilmaydi. Bunday mahsulotlarga ruxsat beruvchi hujjatlar talab qilinmaydi, fitosanitariya nazorati bundan mustasno.
Mahsulotlarni faqat Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (ILMA) reyestriga kiritilgan elektron savdo platformalari sotishi mumkin. Bunday platformalar O‘zbekistonda yuridik shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tgan, shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish talablari va qonunchilikka rioya qiladigan, nazorat-kassa texnikasiga ega hamda o‘z logistika infratuzilmasi yoki yetkazib berish xizmatlari bilan shartnoma tuzgan bo‘lishi kerak.
ILMA marketpleyslarni reyestrga kiritish bo‘yicha arizalarni ham 10 ish kuni ichida ko‘rib chiqadi.
Jismoniy shaxs mahsulotni xarid qilganidan so‘ng, elektron savdo platformasi barcha bojxona to‘lovlarini to‘liq to‘lagach, tovar erkin muomalaga chiqariladi. Xarid qilingan mahsulot uch kun ichida ombordan olib chiqilishi lozim.
Agar mahsulot ikki yil davomida sotilmasa, u qayta eksport qilinishi, yo‘q qilinishi, davlat foydasiga o‘tkazilishi yoki barcha bojxona to‘lovlari to‘langan holda erkin muomalaga chiqarilishi kerak.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ