O‘zbekistonlik migrantlarga Bolgariyaga viza olish tartibini soddalashtiriladi
Migratsiya agentligi tomonidan yuboriladigan fuqarolar uchun ijtimoiy himoya to‘liq kafolatlanadi

O‘zbekiston va Bolgariya mehnat migratsiyasi bo‘yicha kelishuv ishlab chiqadi. Bu haqda Migratsiya agentligi matbuot xizmati xabar berdi.
Agentlik rahbari Behzod Musayev va Bolgariya parlamentining mehnat va ijtimoiy siyosat qo‘mitasi raisi Denitsa Sacheva o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda tomonlar mehnat migratsiyasi, ishchi kuchini tayyorlash va fuqarolarni huquqiy himoya qilish kabi masalalarni muhokama qildi.
Bolgariya ish beruvchilari o‘zbekistonliklarni intizomli, moslashuvchan va mas’uliyatli deb baholashi qayd etildi. O‘zbekiston tomoni migratsiya sohasida hamkorlik bo‘yicha takliflarni ilgari surdi.
Xususan, mamlakat bilan rasmiy davlatlararo kelishuv tayyorlanmoqda, endilikda agentlik orqali rasmiy ravishda yuboriladigan fuqarolar moliyaviy qo‘llab-quvvatlanib, ular uchun huquqiy va ijtimoiy himoya to‘liq kafolatlanadi. Ishchilarning Yevropada ishlashlari uchun xavfsiz va qonuniy yo‘l yaratiladi.
Bundan tashqari, Behzod Musayevning Bolgariya Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Lyubomir Yosifov bilan kechgan uchrashida ikki tomonlama hukumatlararo bitimni ishlab chiqish va imzolash ustida olib borilayotgan ishlarni jadallashtirish qayd etildi.
Vaqtincha ishlash uchun rasmiy kelishuvning yo‘qligi fuqarolar huquqini himoya qilishni qiyinlashtirayotgani, hujjatlashtirish jarayonini soddalashtirish va ularni ko‘rib chiqish muddatlarini qisqartirish kerakligi ta’kidlandi.
Bolgariya tomoni O‘zbekistonning qo‘shma ishchi guruh tuzish, ishchi viza rasmiylashtirishni optimallashtirish, tashkiliy migratsiyani huquqiy asosda yo‘lga qo‘yish kabi tashabusslarini qo‘llab quvvatlab, tizimli hamkorlikka tayyor ekanligini bildirdi.
Agentlik rahbari va Bolgariya Sanoat kapitali assotsiatsiyasi direktorlar kengashi raisi Rumen Radev o‘rtasida o‘tgan uchrashuvda esa aksariyat Yevropa Ittifoqi davlatlari kabi Bolgariya mehnat bozorida ham mutaxassislar yetishmovchiligi kuzatilayotgani aytildi. Qurilish, qishloq xo‘jaligi, mehmonxona, restoran xizmati kabi sohalarida 80 mingdan ortiq bo‘sh ish o‘rinlari mavjud.
Bolgariya ish beruvchilarining fikriga ko‘ra, O‘zbekistondan kelgan fuqarolar o‘zining mehnatsevarligi, qonuniy talablarga qat’iy rioya qilishi, yuqori tarbiyasi bilan bolgar xalqi orasida yuqori hurmatga ega, — deya ta’kidladi Rumen Radev.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ