Bojxona organlari to‘lovli xizmatlarining yangi tariflari tasdiqlandi
Ro‘yxatda 68 turdagi pulli xizmatlar mavjud

O‘zbekistonda jismoniy va yuridik shaxslarga bojxona organlari tomonidan ko‘rsatiladigan to‘lovli xizmatlar ro‘yxati va tariflari tasdiqlandi. Iqtisodiyot va moliya vazirining buyrug‘iga ko‘ra, ro‘yxat 68 turdagi xizmatni o‘z ichiga oladi.
Taqdim etiladigan xizmatlar tashqi savdo statistikasi ma’lumotlarini berishdan tortib, Markaziy bojxona laboratoriyasi va Bojxona instituti xizmatlari hamda Milliy kinologiya markazi veterinar yordamlarigacha bo‘lgan yo‘nalishlarni qamrab oladi.
Eng qimmat xizmat — tashqi savdo bojxona statistikasi bo‘yicha ma’lumotlarni Bojxona qo‘mitasi axborot tizimlariga integratsiya orqali bir yil davomida olish hisoblanadi. Bu xizmat 50 mingta tovargacha 25 BHM, 4 mlntadan ortiq tovar uchun esa 250 BHM etib belgilangan.
Markaziy bojxona laboratoriyasi to‘qimachilik matolari tarkibini aniqlash (2–4 BHM), qimmatbaho metallar va toshlardan yasalgan buyumlarni ekspertiza qilish (BHMning 0,4% idan 1,5 BHMgacha) kabi xizmatlar ko‘rsatadi.
Milliy kinologiya markazi esa 50 dan ortiq veterinar xizmatlarini taklif etadi. Jumladan,
- mushuk yoki itni klinik tekshiruvdan o‘tkazish (10% BHM);
- turli operatsiyalar o‘tkazish (30–50% BHM);
- kasalliklarni davolash (10–30% BHM);
- veterinarni chaqirish (15% BHMdan 1 BHMgacha);
- laboratoriya tekshiruvlari (10% BHM);
- hayvonlarni joyiga borib o‘qitish (1 soatga 50% BHM) shular jumlasidir.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ