BMT O‘zbekiston iqtisodiyotining 2025-yildagi o‘sishini 7,3% darajasida baholadi
2026–2027-yillarda YaIM o‘sish sur’atlari sekinlashishi, inflyatsiya esa pasayishi prognoz qilinmoqda
Birlashgan Millatlar Tashkilotining dastlabki bahosiga ko‘ra, 2025-yil yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston yalpi ichki mahsulotining real o‘sishi 7,3%ni tashkil etdi. Bu haqda BMTning “World Economic Situation and Prospects 2026” hisobotida qayd etilgan.
Xalqaro tashkilot prognoziga muvofiq, 2026-yilda O‘zbekiston iqtisodiy o‘sish sur’atlari 6,0%gacha, 2027-yilda esa 5,9%gacha sekinlashishi kutilmoqda.
Shu bilan birga, BMT 2025-yilda O‘zbekistonda o‘rtacha yillik inflyatsiya darajasini 9,0% deb baholagan. Taqqoslash uchun, 2024-yilda mazkur ko‘rsatkich 9,3%ni tashkil etgan. Davlat statistika qo‘mitasi esa 2025-yil yakunlari bo‘yicha yillik inflyatsiya 7,3%ni, 2024-yilda esa 9,8%ni tashkil etgani haqida xabar bermoqda.
BMT prognozlariga ko‘ra, inflyatsiya darajasi keyingi yillarda pasayishda davom etadi. Xususan, 2026-yilda o‘rtacha yillik inflyatsiya 7,1%gacha, 2027-yilda esa 5,6%gacha tushishi kutilmoqda.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ