Markaziy bank asosiy stavkani 14% darajasida qoldirdi: biznes va bozor uchun barqarorlik signali
KSP Consulting moliya direktori Akbar Qodirov inflyatsiya, kredit stavkalari va kapital bozori uchun Markaziy bank qarorining ahamiyati haqida fikr bildirdi

Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
Oʻzbekiston Markaziy banki asosiy stavkani 14% darajasida oʻzgarmas holda qoldirdi. Bu qaror regulyatorning inflyatsiyaga qarshi siyosatini davom ettirishi va bozorga barqarorlik signali berishi sifatida baholanmoqda, deydi KSP Consulting moliya direktori Akbar Qodirov.
Mart oyida stavka oshirilganidan so‘ng Markaziy bank shartlarni qo‘shimcha ravishda qat’iylashtirishga ham, yumshatishga ham shoshilmayotganini ko‘rsatmoqda. Bu esa narxlarni jilovlash va biznes faolligini qo‘llab-quvvatlash o‘rtasida muvozanatni saqlash imkonini beradi, — deya ta’kidladi ekspert.
Inflyatsiya pasaymoqda, soʻm mustahkamlanmoqda
Regulyator maʼlumotlariga ko‘ra, yillik inflyatsiya avgust oyiga kelib 8,8% gacha sekinlashdi. So‘nggi oylar ichida so‘m biroz mustahkamlandi, tashqi bozorlarda esa oltin tarixiy rekord darajalarni yangilab, eksport tushumini qo‘llab-quvvatladi.
Hududda va asosiy savdo hamkorlar orasida ehtiyotkor pul-kredit siyosati saqlanib qolmoqda. Qodirovning fikricha, bunday makroiqtisodiy sharoitda stavkani o‘zgartirishga hali erta.
Biznes uchun nimani anglatadi
Markaziy bank qarori kreditlar va depozitlar bo‘yicha stavkalar keskin o‘zgarishsiz barqaror qolishini anglatadi. Kapital bozori uchun esa yangi emissiyalar va investitsiyalarni jalb qilish uchun imkoniyatlar ochiq bo‘lib qoladi.
Regulyator iqtisodiy o‘sishni to‘xtatmasdan inflyatsion kutilmalarni pasaytirishga intilmoqda. Keyingi choralar yil oxiriga qadar inflyatsiyaning 7–8% maqsadli koridorga qanchalik yaqinlashishiga bog‘liq bo‘ladi, — dedi Qodirov.
Eslatib o‘tamiz, 2025-yil mart oyida Markaziy bank inflyatsiya o‘sishini jilovlash va so‘m kursini barqarorlashtirish maqsadida asosiy stavkani 14% gacha oshirgandi. Stavkani hozirgi darajada qoldirish haqidagi qaror regulyatorning ehtiyotkorlik bilan harakat qilayotganidan va biznes hamda investorlarning ishonchini saqlashga intilayotganidan dalolat beradi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ