Biznes-ombudsman Qurilish vazirligi shikoyatini tadbirkorga nisbatan ta’qib sifatida baholadi
Tadbirkor Usmonjon Abdusamadov avvalroq uy-joy qurilishida $20 mingdan $100 minggacha pora talab qilinayotgani haqida e’tiroz bildirgandi
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
Biznes-ombudsman Usmonjon Abdusamadovga nisbatan bosim bo‘layotgani haqidagi xabarlarni nazoratga oldi. Bu haqda Ombudsman matbuot xizmati ma’lum qildi.
29-avgust kuni Savdo-sanoat palatasi tomonidan tashkil etilgan ochiq muloqotda Abdusamadov qurilish ruxsatnomalarini asossiz rad etish uchun javobgarlik joriy etishni taklif qildi. Unga ko‘ra, uy qurilishi uchun $500 minglik loyiha amalga oshirilayotganda $20 mingdan $100 minggacha pora talab qilinmoqda. Toshkentda esa bitta obyekt uchun “qo‘shimcha xarajatlar” $200 minggacha yetishi mumkin.
Shuningdek, tadbirkor kadastr organlari tomonidan hujjatlarni arxitektura va qurilish boshqarmalariga topshirishda to‘siqlar bo‘layotganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ayrim arizalar 10 martagacha rad etilgan.
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi bu masalada Ichki ishlar vazirligiga murojaat qilib, tadbirkorning so‘zlariga huquqiy baho berishni so‘radi. Vazirlik bunday chiqishlar tarmoqdagi islohotlarga nisbatan salbiy munosabat shakllantirayotganini bildirdi.
Biznes-ombudsman esa buni tadbirkorga nisbatan ta’qib sifatida baholab, tanqidiy fikrlar uchun jazolashga yo‘l qo‘yilmasligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, erkin faoliyat yuritish huquqi va tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish qonun bilan kafolatlangan. Bu muammolarni hal qilish esa Biznes-ombudsmanning ustuvor vazifasidir.
Ombudsman davlat idoralarini tadbirkorlar fikriga quloq tutishga va muammolarni hamkorlikda hal qilishga chaqirdi. Ta’kidlanishicha, ochiq va tanqidiy fikrlar islohotlarni takomillashtirish va ularning samaradorligini oshirishga yordam beradi.
Tadbirkorlar 1100 qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qilib yoki info@biznesombudsman.uz manziliga xat yuborib Biznes-ombudsman ofisi bilan bog‘lanishlari mumkin.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ