O‘zbekistonliklar orasida biznes-klass aviachiptalarga talab 25%ga oshdi
Bir parvoz uchun o‘rtacha xarajat 32,1 mln so‘mga yetgan
Foto: Kapital.uz
O‘zbekistonliklar orasida biznes-klass aviachiptalarga talab sezilarli darajada oshdi. Aviasales.uz ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yil martidan 2026-yil martigacha premium segmentga qiziqish yuqori sur’atlarda o‘sdi.
Hisobot davrida biznes-klass reyslariga qidiruvlar soni 30%ga, real xaridlar esa 25%ga oshgan. Shu bilan birga, bitta parvoz uchun o‘rtacha xarajat 32,1 mln so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan 2%ga ko‘paygan.
Yo‘lovchilar qisqa yo‘nalishlarda — Rossiya, Qozog‘iston va BAAga, shuningdek uzoq masofalarda — AQSH, Janubiy Koreya va Germaniyaga premium xizmatlarni tanlamoqda. 2025-yil iyun oyida vizasiz rejim joriy etilgach, Xitoy ham ommabop yo‘nalishlar qatoriga qo‘shilgan.
Bolalar bilan sayohat qilayotganlar esa ko‘proq uzoq mamlakatlarni afzal ko‘rmoqda. Xususan, Misr (17%), Vetnam (15%) va Kanada (11%) yetakchi yo‘nalishlar bo‘ldi. Indoneziya va Malayziya mos ravishda 9% va 8% ulushga ega.
Talabning oshishi fonida ayrim yo‘nalishlarda narxlar ham ko‘tarilgan. Janubiy Koreyaga parvozlar 32%ga, Kanadaga 59%ga va AQSHga 13%ga qimmatlashgan.
Eng qimmat chipta Toshkent — Mayami yo‘nalishida qayd etilgan bo‘lib, Turkish Airlines reysi uchun yo‘lovchi 90,6 mln so‘m to‘lagan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ