Oliy o‘quv yurtlari bitiruvchilarining biznes loyihalariga 500 mlrd so‘m yo‘naltiriladi
“Kelajakka qadam” dasturi doirasida 10 mingga yaqin yosh mutaxassisni ish bilan ta’minlash rejalashtirilgan
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
Prezident matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Shavkat Mirziyoyev joriy yilda oliy ta’lim muassasalarini tamomlayotgan talabalarni ish bilan ta’minlash bo‘yicha rejalarga oid taqdimot bilan tanishdi.
2026-yilda mamlakat bo‘yicha 320 ming nafar talaba oliy ta’lim muassasalarini bitirishi kutilmoqda. Ularni ish bilan ta’minlashda universitetlar huzuridagi karyera markazlari imkoniyatlaridan foydalanish, iqtisodiyotning turli tarmoqlaridagi bo‘sh ish o‘rinlarini taklif etish hamda tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash rejalashtirilgan.
Qayd etilishicha, 2025-yilda “Kelajakka qadam” dasturi doirasida bitiruvchilarning 6 mingdan ortiq tadbirkorlik loyihasi uchun 378 mlrd so‘m mablag‘ ajratilgan. Natijada 8 ming nafar yosh ish bilan ta’minlangan.
2026-yilda ushbu dastur uchun 500 mlrd so‘m yo‘naltiriladi. Mablag‘lar 8 mingta loyiha o‘rtasida taqsimlanib, 10 ming nafar yoshning bandligini ta’minlash ko‘zda tutilgan. Dasturda ishtirok etuvchi biznes subyektlariga qo‘shimcha imtiyozlar berish taklif etilgan.
Bitiruvchilar va ish beruvchilar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni yo‘lga qo‘yish maqsadida hududlarda TalabaExpo-2026 kasblar ko‘rgazmalari tashkil etiladi. Ishga joylashtirish jarayonlari career.edu.uz portali orqali tegishli vazirlik va idoralar hamda hokimliklar ishtirokida nazorat qilinadi.
Universitetlar huzuridagi karyera markazlari faoliyati “Bitiruvchi sifati indeksi” asosida baholanadi. Eng yaxshi natija ko‘rsatgan 20 ta markazga 500 mln so‘mdan mablag‘ ajratiladi. Yil davomida oliy ta’lim muassasalari miqyosida 360 ta, fakultetlar kesimida esa 750 ta bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Kelgusi o‘quv yilidan boshlab talabalar uchun “Tadbirkorlik asoslari” fani joriy etiladi. Shuningdek, talabalarning startap loyihalarini qo‘llab-quvvatlash, ularni spin-off korxonalar faoliyatiga jalb etish, universitet kafedralarining filiallarini korxonalar bazasida tashkil qilish hamda bitiruv malakaviy ishlarini ish beruvchi tashkilotlar hududida himoya qilish amaliyotini kengaytirish ko‘zda tutilgan.
Bundan tashqari, maqsadli dual ta’lim tizimi joriy etiladi. Unga ko‘ra, korxonalar o‘zlariga zarur mutaxassislarni tayyorlash bo‘yicha buyurtma berishi, kontrakt qiymatini kelishishi va bitiruvchilarga ish o‘rinlarini kafolatlashi mumkin bo‘ladi.
Endilikda talabalarni ish bilan ta’minlash darajasi oliy ta’lim muassasalari rahbariyati faoliyatini baholashning asosiy samaradorlik ko‘rsatkichlaridan (KPI) biri etib belgilanadi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ