O‘zbekiston Markaziy banki bir oyda 8 tonna oltin xarid qildi — WGC
Mamlakat zaxiralarida oltinning ulushi 88%ga yetdi
Фото: ТАСС
2026-yil fevral oyida O‘zbekiston Markaziy banki oltin zaxiralarini yana 8 tonnaga oshirdi. Bu haqda Jahon oltin kengashi (WGC) hisobotida ma’lum qilindi.
Natijada mamlakatning umumiy oltin zaxiralari 407 tonnaga yetdi. O‘zbekiston ketma-ket besh oy davomida oltin xarid qilishni davom ettirmoqda. Joriy yil boshidan buyon esa jami 16 tonna qimmatbaho metall sotib olingan.
Hozirgi vaqtda monetar oltin mamlakat xalqaro zaxiralarining 88% ini tashkil etadi.
Umuman olganda, dunyo markaziy banklari fevral oyida 19 tonna oltin xarid qilgan. Bu ko‘rsatkich 2025-yildagi o‘rtacha oylik hajm — 26 tonnadan past. 2026-yilning dastlabki ikki oyida global xaridlar 25 tonnani tashkil etib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan ikki baravar kam bo‘ldi.
Eng yirik xarid Polsha hissasiga to‘g‘ri kelib, u zaxiralarini 20 tonnaga oshirdi va umumiy hajmni 570 tonnaga yetkazdi. Shu bilan birga, Chexiya va Malayziya 2 tonnadan, Xitoy va Kambodja esa 1 tonnadan oltin xarid qildi. Xitoy Markaziy banki oltin zaxiralarini ketma-ket 16 oy davomida oshirib, ularni 2308 tonnaga yetkazgan.
Asosiy sotuvchilar sifatida Turkiya va Rossiya qayd etilib, ular mos ravishda 8 va 6 tonna oltin sotgan. Turkiyada zaxiralar qisqarishi asosan g‘aznachilik operatsiyalari bilan bog‘liq. Shu bilan birga, mart oyida likvidlikni ta’minlash uchun qariyb 50 tonna oltin vaqtincha jalb qilingani qayd etilgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ