O‘zbekiston $1 mlrdlik xalqaro obligatsiyalar joylashtirdi
Qimmatli qog‘ozlar bo‘yicha stavka tarixiy minimum — 12,25% ni tashkil etdi
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
O‘zbekiston xalqaro moliya bozorida milliy valyutada $1 mlrdga teng obligatsiyalarni joylashtirdi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Yangi emissiya bo‘yicha daromadlilik 12,25%ni tashkil etib, bu shu turdagi joylashtirishlar tarixidagi eng past ko‘rsatkich bo‘ldi. Taqqoslash uchun, 2024-yilda uch yillik obligatsiyalar 16,62%, 2025-yilda esa 15,5% stavkada joylashtirilgan edi.
Joylashtirishdan avval AQSH, Yevropa, Osiyo va Yaqin Sharqdan 32 ta yirik moliyaviy tashkilot ishtirokida konferensiya o‘tkazildi. Unda mamlakatning makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari va rivojlanish strategiyasi taqdim etildi. Geosiyosiy beqarorlikka qaramay, investorlar tomonidan yuqori qiziqish bildirildi.
Buyurtmalarni yig‘ish jarayonida 50 ga yaqin xorijiy investor 23,4 trln so‘mlik obligatsiyalarni sotib olish istagini bildirgan. Bu hukumat rejalashtirgan hajmdan to‘rt barobar ko‘pdir. Yakunda 12,2 trln so‘mlik qimmatli qog‘ozlar joylashtirildi. Yakuniy stavka ichki bozordagi daromadlilikdan 14 bazis punktga past bo‘ldi.
Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, mazkur bitim so‘nggi 15 yil ichida Markaziy va Sharqiy Yevropa, shuningdek, Yaqin Sharq va Afrika mintaqalarida milliy valyutadagi eng yirik joylashtirishlardan biri hisoblanadi. Jalb qilingan mablag‘lar 2026-yil uchun rejalashtirilgan davlat byudjeti taqchilligini qoplashga yo‘naltiriladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ