O‘zbekistonda binolarning energiya samaradorligiga yangi talablar joriy etilmoqda
1-iyundan boshlab qurilishda quyosh panellari va issiqlik nasoslari o‘rnatilishini hisobga olinadi

Фото: открытые источники
2025-yil 1-iyundan boshlab O‘zbekistonda binolarni qurish va rekonstruksiya qilishda ularning energiya samaradorligini oshirishga qaratilgan yangi talablar amal qila boshlaydi. Bu haqda prezident qarori imzolandi.
Yangi normalarga ko‘ra, endilikda loyiha hujjatlariga energiya tejovchi uskunalar, muqobil isitish tizimlari (issiqlik nasoslari, geliokollektorlar) va quyosh panellari kabi qayta tiklanuvchi energiya manbalarini o‘rnatish bo‘yicha majburiy talablar kiritilishi kerak. Yangi talablar moliyalashtirish manbasidan qat’i nazar, barcha obyektlar, jumladan, davlat budjeti, xususiy investitsiyalar va xalqaro moliya institutlari mablag‘lari uchun majburiydir.
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligiga ushbu talablarga rioya etilishini, yangi quriladigan binolarning fasad va tom qismlari issiqlik izolyatsiyasi bilan ta’minlanishini nazorat qilish topshirildi. Bundan tashqari, issiqlik ta’minotini qurish va modernizatsiya qilish bo‘yicha barcha loyihalarda yopiq issiqlik ta’minoti tizimi joriy etiladi.
Ko‘p qavatli uylar va binolarda ichki isitish tizimi, issiq suv ta’minoti va hisobga olish uskunalarini o‘rnatish majburiy bo‘ladi.
Har yili ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi doirasida issiqlik ta’minoti uchun ajratiladigan mablag‘larning kamida 10%i energiya tejovchi uskunalarni o‘rnatishga yo‘naltiriladi.
Qurilish va modernizatsiya loyihalari amalga oshirilayotgan barcha ijtimoiy muassasalarda foydalanish uchun qulayliklarni hisobga olgan holda, doimiy issiq suv ta’minotiga ega bo‘lgan sanitariya-gigiyena xonalari, sport zallarida yuvinish va dushxonalar tashkil etilishi shart.
Qozonxonalarni loyihalashtirish va rekonstruksiya qilishda ularning xizmat ko‘rsatish hududidagi barcha ko‘p qavatli uylar, ijtimoiy va ma’muriy muassasalar, sanoat va xususiy obyektlarning ehtiyojlarini inobatga olish topshirildi. Markazlashgan issiqlik ta’minoti mavjud tumanlarda yangi qurilayotgan uy-joylar, ma’muriy va ijtimoiy binolar, sanoat va savdo obyektlarini issiqlik tarmoqlariga ulash majburiy bo‘ladi.
«Issiqlik ta’minoti» tarkibidagi (23 ta korxona uning balansiga o‘tkaziladi) va davlat-xususiy sheriklik doirasida ishlovchi korxonalarning issiqlik ta’minoti tariflari Idoralararo tarif komissiyasi tomonidan tartibga solinadi. Issiqlik ta’minoti korxonalari tasarrufidagi qozonxonalar «Issiqlikta’minoti»ning roziligisiz bo‘sh turgan obyekt sifatida tan olinishi yoki elektron savdolarga chiqarilishi mumkin emas.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi tez orada ijtimoiy muassasalar hujjatlarini yangi talablarga moslashtiradi, xalqaro ekspertlarni jalb qilib, energiya tejamkor loyihalarni moliyalashtirish mexanizmlarini ishlab chiqadi.
Issiqlik ta’minoti sohasini modernizatsiya qilish uchun xalqaro moliya institutlarining grant va kreditlarini muntazam jalb etish ham rejalashtirilgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ