O‘zbekistonda “Binance” rasman o‘z faoliyati boshladi
Yangi xizmat foydalanuvchilarga bank kartalari va mahalliy to‘lov tizimlari orqali milliy valyutadagi mablag’larni to‘ldirish va yechib olish imkonini beradi
Kriptoaktivlar sohasida xizmat ko‘rsatuvchi “Coinpay” va “Binance” qo‘shma platformasi ish boshladi. Bu haqda “Coinpay” mahalliy kriptobirjasining matbuot xizmati xabar berdi.
Loyiha Istiqbolli loyihalar milliy agentligi ko‘magida va O‘zbekiston qonunchiligiga to‘liq muvofiq amalga oshirildi. ILMA 2025-yil yanvar oyi o‘rtalarida kripto-birjalar o‘rtasidagi hamkorlikni e’lon qildi. Platforma O‘zbekiston huquqiy tizimiga rasman integratsiya qilingan birinchi shunday xizmat bo‘ldi.
Yangi xizmat foydalanuvchilarga bank kartalari va mahalliy to‘lov tizimlari orqali milliy valyutadagi mablag’larni to‘ldirish va yechib olish imkonini beradi. Bundan tashqari, foydalanuvchilar keng ko‘lamli “Binance” xizmatlaridan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
“Coinpay” kripto-aktivlar bilan operatsiyalar faqat saytdagi rasmiy havola orqali amalga oshirilishi kerakligini eslatib o‘tdi. Tashqi p2p platformalari yoki boshqa xizmatlardan foydalanish qonunchilikni buzish hisoblanadi va yuridik javobgarlikka olib kelishi mumkin.
Kompaniya, shuningdek, kripto-aktivlar bilan bog‘liq operatsiyalar ularning o‘zgaruvchanligi tufayli yuqori xatarlar bilan bog‘liqligini ta’kidladi. Foydalanuvchilarga savdolarni boshlashdan oldin raqamli aktivlar bilan ishlashning o‘ziga xos xususiyatlarini o‘rganish va ehtimoliy moliyaviy xatarlarni hisobga olish tavsiya etiladi.
2022-yilning avgust oyida “Binance” va boshqa xalqaro birjalar veb-saytlari O‘zbekistonda bloklangan edi. Bunga ularning tegishli litsenziyaga ega emasligi, platformalar hech qanday yuridik javobgarlikni o‘z zimmalariga olmasligi, tranzaksiyalarning qonuniyligi, fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlari to‘g‘ri saqlanishi va maxfiylik kafolatlanmaganligi sabab bo‘ldi.
2024-yil boshida O‘zbekistonda faoliyatini tashkil etish uchun tegishli litsenziya olmagani va yana bir qator qonun buzilish holatlari sabab, ILMA “Binance”ni 102 mln so‘m jarimaga tortgandi.
Avvalroq “Kapital.uz” Binance kripto birjasi O‘zbekistonda mahalliy hamkor orqali ish boshlashi haqida xabar berilgan edi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ