Banklarga o‘z kartalari o‘rtasida operatsiyalarni qayta ishlashga ruxsat berildi

In-house modelida karta operatsiyalari bankning o‘z infratuzilmasida avtorizatsiya qilinadi va hisob-kitob qilinadi

Banklarga o‘z kartalari o‘rtasida operatsiyalarni qayta ishlashga ruxsat berildi

O‘zbekiston banklari bir kredit tashkiloti doirasida chiqarilgan kartalar o‘rtasidagi to‘lovlarni mustaqil ravishda qayta ishlashi mumkin bo‘ladi. Bu haqda Markaziy bankning 27-avgustdagi qarorida keltirilgan.

Markaziy bank uchinchi tomon to‘lov infratuzilmasini jalb qilmasdan, bunday operatsiyalarni avtorizatsiya qilish, qayta ishlash va hisob-kitoblarni amalga oshirish imkonini beruvchi in-house modeli bo‘yicha ishlash tartibini tasdiqladi.

Hujjatga ko‘ra, banklar in-house modelini ixtiyoriy ravishda joriy qilishi mumkin. Bunda operatsiyalarni avtorizatsiya qilish, ularni qayta ishlash va kartalar o‘rtasida mablag‘ o‘tkazish bevosita emitent bank infratuzilmasida amalga oshiriladi.

Mazkur tartib faqat bir bank tomonidan chiqarilgan kartalar o‘rtasidagi operatsiyalarga taalluqli. Hisob-kitoblar real vaqt rejimida yoki kliring sessiyasi yakunlanganidan keyin amalga oshirilishi mumkin.

Markaziy bank qanday talablarni belgiladi?

O‘z tizimini ishga tushirishdan oldin bank Markaziy bankni kamida 30 kun oldin xabardor qilishi kerak. Xabarnoma yozma yoki elektron shaklda yuborilishi mumkin.

Unda tizim ishga tushiriladigan sana, bank mustaqil ravishda qayta ishlashni rejalashtirayotgan operatsiyalar ro‘yxati, foydalaniladigan axborot tizimlari, shuningdek, axborot xavfsizligi va tizimning uzluksiz ishlashini ta’minlash choralari ko‘rsatilishi lozim.

Banklar to‘lov ma’lumotlarini himoya qilish va maxfiyligini ta’minlashni tartibga soluvchi ichki hujjatlarni ham ishlab chiqishi kerak. Ularda operatsion va texnologik xatarlarni aniqlash, baholash va kamaytirish tartiblari ham belgilanishi lozim.

Tizimning uzluksiz ishlashi uchun zaxira infratuzilmasi bo‘lishi talab etiladi. Bank asosiy tizimdan mustaqil aloqa kanali va axborot tizimiga ega bo‘lishi kerak. Ular asosiy uskuna yoki tizim ishlamay qolgan taqdirda to‘lovlarni qayta ishlashni ta’minlashi lozim. Zaxira infratuzilmasining ishlash qobiliyati yiliga kamida bir marta tekshiriladi.

Amalga oshirilgan hisob-kitoblar to‘g‘risidagi ma’lumotlar bank tomonidan kamida 5 yil saqlanishi kerak.

Operatsion nosozliklar, texnologik muammolar yoki kiberxavfsizlik bilan bog‘liq hodisalar yuzaga kelgan taqdirda, bank bu haqda Markaziy bankni zudlik bilan xabardor qilishi va oqibatlarni bartaraf etish uchun ko‘rilgan choralar haqida ma’lumot berishi shart.

Yangi tartib qaror rasman e’lon qilinganidan 3 oy o‘tib — 27-noyabrdan kuchga kiradi.

Markaziy bank avvalroq bank xizmatlari iste’molchilari bilan ishlash bo‘yicha tijorat banklariga qo‘yiladigan minimal talablarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritgandi. Unga ko’ra, tijorat banklari murojaatlarni ko‘rib chiqishda nafaqat aniqlangan qoidabuzarliklarni, balki ularni keltirib chiqargan sabablarni ham bartaraf etishi shart etib belgilangan.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

O‘zbekistonda yengil avtomobillar ishlab chiqarishi 9,4% ga oshdi
/
O‘zbekistonda yengil avtomobillar ishlab chiqarishi 9,4% ga oshdi
Mikromoliya tashkilotlarda muammoli kreditlar qiymati 500 mlrd so‘mga yaqinlashdi
/
Mikromoliya tashkilotlarda muammoli kreditlar qiymati 500 mlrd so‘mga yaqinlashdi
Avgust oyida eskrou hisobvaraqlari orqali 33 mingdan ortiq bitim rasmiylashtirildi
/
Avgust oyida eskrou hisobvaraqlari orqali 33 mingdan ortiq bitim rasmiylashtirildi