Elektron to‘lovlarga o‘tish ortidan banklarda pul almashinuvi keskin oshishi kutilmoqda
Shuningdek, uy-joy va avtomobil savdosida narx belgilash jarayoniga davlat aralashmasligi ma'lum qilindi
27-mart kuni Toshkentda o‘tkazilgan matbuot anjumanida rasmiylar naqd pulsiz to‘lovlarni kengaytirish tashabbusining asosiy maqsadi qulaylik yaratish ekanini ta’kidladi. Bu haqda Kapital.uz jurnalisti xabar berdi.
Markaziy bank raisining birinchi o‘rinbosari Nodirbek Saydullayevning aytishicha, yangi tizim fuqarolar uchun qo‘shimcha noqulaylik tug‘dirmaydi. Aksincha, zapravkalarda to‘lov qilishda karta yo‘qligi yoki unda mablag‘ yetishmasligi kabi holatlarni bartaraf etish uchun muqobil yechimlar ishlab chiqiladi.
Uning ta’kidlashicha, naqdsiz to‘lovlar orqali to‘lovlar tarixi shakllanadi va bu aholi hamda biznes uchun ishonchli moliyaviy dalil bazasini yaratadi.
Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Ahadbek Haydarov esa naqdsiz to‘lovlar bank tizimidagi pul aylanishini sezilarli oshirishini qayd etdi. Uning ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekistonda kuniga o‘rtacha 1600 ta avtomobil sotiladi. Har 100 ta avtomobil savdosi bank tizimiga taxminan 20 mlrd so‘m tushum olib keladi, bu esa yiliga 60 trln so‘mgacha yetishi mumkin.
Shu bilan birga, uy-joy va avtomobil savdosida naqdsiz hisob-kitoblar joriy etilganda narx belgilash jarayoniga davlat aralashmasligi ta’kidlandi. Bunday bitimlar eskrou hisobvaraqlari orqali va faqat milliy valyutada amalga oshiriladi.
Soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Jahongir Abdiyevning qayd etishicha, naqdsiz to‘lovlar soliqqa tortish tizimiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Hozirda bu tizim respublikadagi tovarlar savdosining taxminan 7%ini qamrab olmoqda.
Shuningdek, Markaziy bank tijorat banklarining kartaga naqd pul kiritish bo‘yicha komissiya siyosatiga aralasha olmasligi, biroq bu yo‘nalishda banklardan qulay takliflar va aksiyalar kutayotganini bildirdi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ