Toshkentdagi tijorat banklarida oltin quymalari deyarli tugadi
28-oktabr oyi holatiga ko'ra, poytaxt banklarida atigi 18 dona quyma mavjud
Toshkentdagi tijorat banklarida oltin quymalari tugab bormoqda. 28-oktabr holatiga ko‘ra, poytaxtdagi banklarda atigi 18 dona oltin quymasi qolgan. Shundan 9 tasi “Kapitalbank” filiallarida, 4 tasi — Orient Finans Bankda, 3 tasi esa NBUda mavjud. Shu bilan birga, oltin narxi ketma-ket ikkinchi kun pasaymoqda — bir kunda 5,8% ga arzonlashdi.
Mamlakatdagi viloyat filiallarida esa jami 201 dona oltin quymasi savdoda qolgan. Eng ko‘p zaxira Samarqand viloyatida — 169 dona, Namangan viloyatida — 11 dona, Andijonda esa 8 dona quymalar mavjud. Toshkent, Jizzax, Sirdaryo, Surxondaryo, Xorazm viloyatlari hamda Qoraqalpog‘istonda zaxiralar butunlay sotib bo‘lingan.
Taklif kamayganiga qaramay, oltin quymalar narxi pasayishda davom etmoqda. Hozir bir gramm qimmatbaho metall 1,59 mln so‘mni tashkil qildi. Mamlakatda 5 grammli oltin quymalari narxi 8,17 mln so‘mlik qiymatdan bir kunda 206 ming so‘mga yoki 2,52% ga arzonladi.
Shunga qaramay, joriy yilning yanvaridan boshlab O‘zbekistonda oltin narxi 40,73% ga oshgan.
Kecha, 27-oktabr kuni mamlakatda 5 grammli oltin quymalari narxi o’tgan haftaga nisbatan 94 ming so’mga arzonlashgan edi. Xabar nashr qilinayotgan vaqtda jahon savdo bozorlarida oltinning birja narxi bir unsiyasi uchun $3,9 mingni tashkil qildi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ