Banklararo pul bozoridagi operatsiyalar hajmi 255 trln so‘mdan oshdi
Ularning qariyb 70% qismi REPO operatsiyalar hisobiga to‘g‘ri keladi
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
O‘zbekistonning banklararo pul bozorida 2025-yil III choragida jami 255,6 trln so‘mlik operatsiyalar amalga oshirildi, deb xabar bermoqda Markaziy bank.
Bu ko‘rsatkich II chorakdagi 214,5 trln so‘mga nisbatan 19% yuqori. Natijada pul bozoridagi operatsiyalarning choraklik YAIMga nisbati oshib, 51,5% ni tashkil etdi (II chorakda — 45,2 %).
REPO operatsiyalari bozorning asosiy qismini egalladi, xususan, chorak davomida banklararo amaliyotlarning 69%i REPO operatsiyalariga to‘g‘ri keldi. Ularning jami hajmi 175,2 trln so‘mga yetdi (II chorakda — 144,6 trln so‘m).
Shu bilan birga, oylik REPO hajmi pasayib bordi, iyul oyida 62 trln so‘m bo’lgan bo’lsa, sentabr oyida — 44 trln so‘mni tashkil qildi.
Banklararo depozit operatsiyalarining hajmi o‘tgan chorakka nisbatan 15% ga oshib, 80,4 trln so‘mga yetdi. Biroq oylik depozit operatsiyalari kamayish tendensiyasida bo‘ldi: iyul — 35,6 trln so‘m, sentabr — 18,5 trln so‘m.
Foiz stavkalari foiz koridori doirasida oshdi
Chorak davomida pul bozoridagi operatsiyalar bo‘yicha o‘rtacha tortilgan stavkalar foiz koridori ichida shakllanib, o‘sish tendensiyasini ko‘rsatdi. Bank tizimida likvidlik yuqori bo‘lgani sababli stavkalar asosiy stavkadan past shakllandi.
Banklararo depozit va REPO operatsiyalarida o‘rtacha tortilgan stavkalar:
- depozitlar bo‘yicha — 13,6%;
- REPO bo‘yicha — 13,2 (II chorakda mos ravishda 13,2% va 12,9%).
Foizlarning oshishi bozorning barcha segmentlarida kuzatildi. Overnayt operatsiyalar bo‘yicha stavka sentyabrda 13,5%, iyunda esa 12,9% darajasida qayd etilgan.
Bir kundan ortiq muddatli operatsiyalar bo‘yicha stavkalar ham ko‘tarilgan, xususan, 2–7 kunlik operatsiyalar — 14,4%, 8–30 kunlik operatsiyalar — 15,2% ni tashkil qilmoqda.
UZONIA benchmark stavkasi oshdi
Yangi metodologiya asosida overnayt REPO operatsiyalari bo‘yicha hisoblanadigan UZONIA benchmark stavkasi chorak davomida koridor ichida tebrandi. Uning chorak bo‘yicha o’tacha darajasi 13,1%, sentabr oyida — 13,5% (II chorakda — 12,8%) darajasida kuzatilgan,
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ