Markaziy bank asosiy foiz stavkasini o‘zgarishsiz qoldirdi
Ayni vaqtda foiz stavka 14% ni tashkil qilmoqda

Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
Markaziy bank asosiy foiz stavkani 14% darajada o‘zgarishsiz qoldirdi. Bu haqda regulyator xabar berdi.
Joriy yilning dastlabki besh oyida iqtisodiyotda yuqori faollik kuzatildi, bu esa yalpi talabning shakllanishida muhim omil sifatida namoyon boʻldi. Bunga savdo va pullik xizmatlar hajmining ortishi, xalqaro pul oʻtkazmalari ko‘payishi, banklararo tranzaksiyalar va ko‘chmas mulk oldi-sotdi bitimlarining oʻsishi misol bo‘la oladi.
Ayni paytda, jahon iqtisodiyotidagi noaniqliklar va xalqaro savdodagi keskinliklar sababli ko‘plab davlatlarda pul-kredit siyosatining qat’iyligi uzoq vaqt saqlanib qolishi kutilmoqda. Bundan tashqari, so‘nggi oylarda ayrim oziq-ovqat mahsulotlari narxining jahon bozorida oshgani ichki bozordagi narxlarga ham bosim qilishi mumkin.
Pul-kredit siyosatining hozirgi qat’iy darajada saqlanishi kreditlar hajmining sekinroq o‘sishini, biroq depozitlarning yuqori sur’atlarda ortishini ta’minlaydi. Bu esa ichki talabni muvozanatda ushlab turadi va inflyatsiyaga monetar bosimni kamaytiradi.
Yuqoridagi omillarni inobatga olgan holda, Markaziy bank o‘rta muddatli davrda narxlar barqarorligini saqlab qolish maqsadida asosiy stavkani o‘zgartirmasdan, 14 foiz darajasida qoldirishga qaror qildi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ