BAA “oltin viza” olish uchun yana beshta yangi toifa qo‘shdi
Endilikda bu vizaga hamshiralar, pedagoglar, blogerlar va kibersportchilar da’vogarlik qilishlari mumkin

2025-yil 12-maydan boshlab Birlashgan Arab Amirliklari hukumati 10 yillik “oltin viza” olish shartlarini rasmiy ravishda kengaytirdi.
Dubaydagi Rezidentlar va chet elliklar ishlari bo‘yicha bosh boshqarmasi (GDRFA) ma’lumotiga ko‘ra, vizani olish uchun yana beshta yangi toifa qo‘shildi. Bu toifalar ta’lim, sog‘liqni saqlash, texnologiyalar va turizm sohalariga oid strategik ustuvor yo‘nalishlarni qamrab oladi.
Xususan, 15 yildan ortiq Dubayda ishlagan va professional mahorati bilan tan olingan hamshira va feldsherlar endi “oltin viza”ga ariza topshirish huquqiga ega.
Xususiy ta’lim muassasalarida faoliyat yuritib, yuqori natijalarga erishgan pedagoglar ham ushbu imkoniyatdan foydalanishlari mumkin.
Blogerlar, YouTube’dagi kontent mualliflari, ssenariy yozuvchilar va videoproduserlar endi homiy (sponsor) talab qilinmasdan o‘zlari mustaqil ariza topshirishlari mumkin.
Kibersportchilar, o‘yin ishlab chiquvchilar, strimerlar va boshqa geyming sohasidagi mutaxassislar BAAning madaniy-texnologik ekotizimidagi muhim ishtirokchilar sifatida tan olindi.
Muayyan mezonlarga javob beradigan yaxtalarga ega shaxslar ham endilikda uzoq muddatli yashash vizasiga da’vogarlik qilishlari mumkin. To‘liq mezonlar hali e’lon qilinmagan.
2019-yildan buyon amal qilayotgan “oltin viza” dasturi orqali minglab mutaxassislar, sarmoyadorlar, tadbirkorlar va olimlar BAAga jalb etilgandi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ