Termizdagi “Ayritom” erkin savdo zonasini kengaytirish taklif qilindi
Hudud 740 mingdan ortiq tashrif buyuruvchini jalb qilgan, biroq yuqori ijara narxlari va chegaradagi byurokratik to‘siqlar ishbilarmonlar uchun muammo bo‘lib qolmoqda

Фото: Yandex
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (ITIM) tomonidan o‘tkazilgan tahlil natijalariga ko‘ra, Termizdagi “Ayritom” erkin savdo zonasi qisqa vaqt ichida Markaziy Osiyoda transchegaraviy savdoning muhim markaziga aylangan.
Mazkur loyiha 2024-yil avgust oyida ishga tushirilgan bo‘lib, 26 gektar maydonda joylashgan. Hududda mehmonxona, tibbiy klinika, ishlab chiqarish va logistika majmuasi, restoranlar va biznes markazlar faoliyat yuritadi.
Tashrif buyuruvchilar soni 740 mingdan oshgan, shundan 400 ming nafari Afg‘oniston fuqarolari. Eng katta talab mehmonxona va tibbiy xizmatlarga to‘g‘ri kelmoqda. Masalan, Akfa Medline klinikasi 76 mingdan ortiq bemorga xizmat ko‘rsatgan, ularning 80 foizi afg‘onistonliklar.
Savdo faoliyati ham ijobiy sur’atda o‘smoqda — hozirda 490 ta savdo joyidan 218 tasi faol ishlamoqda, Afg‘onistonga eksport hajmi esa 187 million dollarni tashkil etgan.
ITIM o‘tkazgan so‘rov natijalariga ko‘ra, tadbirkorlarning yarmi amaldagi ijara stavkalarini yuqori deb baholagan, xaridorlarning esa 71 foizi zonadagi narxlar boshqa bozorlar bilan solishtirganda pastroq ekanini qayd etgan.
Tahlil shuni ko‘rsatdiki, “Ayritom”ga bo‘lgan talab yuqori bo‘lib, ko‘pchilik tashrif buyuruvchilar savdo obyektlarining 24 soatlik ish tartibida faoliyat yuritishini istaydi.
Mutaxassislarning fikricha, xizmatlar va infratuzilmani kengaytirish “Ayritom”ning mintaqaviy savdo va iqtisodiy hamkorlikdagi o‘rnini yanada mustahkamlaydi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ