O‘zbekistonda avtotransport vositalari uchun texnik pasportlar besh yil muddatga beriladi

Shuningdek, avtomobil egalari yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun jarimalarni amalda transportni boshqargan shaxslarga rasmiy ravishda o‘tkazish imkoniyatiga ega bo‘ladi

O‘zbekistonda avtotransport vositalari uchun texnik pasportlar besh yil muddatga beriladi

O‘zbekiston hukumati avtomototransport vositalarini ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha yangi tartiblarni tasdiqladi. Unga ko‘ra, ro‘yxatdan o‘tganlik to‘g‘risidagi guvohnomalarning amal qilish muddati cheklanadi, shuningdek, huquqbuzarliklar uchun javobgarlikni transport vositasini boshqargan shaxslarga o‘tkazishga ruxsat beriladi. Bu haqda Adliya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Hukumat qaroriga muvofiq, transport vositalarini ro‘yxatdan o‘tkazish tartibiga o‘zgartirishlar kiritildi. Endilikda avtomototransport vositasini ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma cheklangan muddatga — besh yilga rasmiylashtiriladi.

Bundan tashqari, 2026-yil 1-apreldan boshlab avtomobil egalari boshqa shaxsga transport vositasini boshqarish huquqini fuqarolik-huquqiy bitim asosida berganini Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati organlariga rasmiy ravishda ma’lum qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Mazkur mexanizm jarimalarni bevosita huquqbuzarga, ya’ni transport vositasini boshqargan shaxsga yo‘naltirish imkonini beradi.

Mazkur xizmatni rasmiylashtirish Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) yoki YHXXning rasmiy mobil ilovasi orqali masofadan turib amalga oshiriladi. Buning uchun avtomobil egasi shaxsiy kabinetida elektron arizani to‘ldirishi va transport vositasini boshqarish huquqi qaysi muddatga berilayotganini ko‘rsatishi zarur.

Transport vositasini qabul qilayotgan shaxs esa kelgusida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan jarimalarni to‘lashga roziligini tasdiqlashi lozim. Tasdiqlash jarayoni elektron raqamli imzo, shuningdek Mobile-ID yoki Face-ID tizimlari orqali amalga oshiriladi. Ushbu davlat xizmati uchun 41,2 ming so‘m miqdorida yig‘im undiriladi (bazaviy hisoblash miqdorining 10%).

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

O‘zbekiston $1 mlrdlik xalqaro obligatsiyalar joylashtirdi
/
O‘zbekiston $1 mlrdlik xalqaro obligatsiyalar joylashtirdi
O‘zbekistonda bir nechta xorijiy investorlar islomiy banklar ochishi mumkin — MB vakili
/
O‘zbekistonda bir nechta xorijiy investorlar islomiy banklar ochishi mumkin — MB vakili
O‘zbekistonda sanoat korxonalarini ekologik modernizatsiya qilishga $300 mln ajratiladi
/
O‘zbekistonda sanoat korxonalarini ekologik modernizatsiya qilishga $300 mln ajratiladi