Toshkentda avtomobillar harakati davlat raqamiga qarab cheklanishi mumkin
Shuningdek, ayrim koʻchalar va boshqa hududlarda harakatlanishi vaqtinchalik cheklanadi
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
Prezident Shavkat Mirziyoyev 25-noyabr kuni “Toshkent shahrida ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmonini imzoladi.
Farmon bilan poytaxtda ekologik muammolarni hal etish bo‘yicha maxsus komissiya tuzildi. Unga Prezidentning ekologiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi — Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov rahbar bo‘ldi. Hujjat bilan Maxsus komissiyaning vakolatlari belgilab berildi.
Yangi tuzilgan komissiyaga bir qator vakolatlar bilan birgalikda transport vositalari harakatini cheklash, jumladan:
- Toshkent shahrida yuk tashish avtotransport vositalari harakatini vaqtincha cheklash amaliyotini yoʻlga qoʻyish;
- avtotransport vositalarining, shu jumladan davlat raqamiga mos ravishda toq va juft sanalarda harakatlanishni cheklash amaliyotini joriy qilish (elektromobillar bundan mustasno);
- harakatlanishi vaqtinchalik cheklanadigan avtotransport vositalari turlari, koʻchalar va boshqa hududlarni belgilash vakolati berildi.
Davlat raqamiga qarab toq va juft sanalarda harakatlanishni cheklash amaliyoti qachondan ishga tushishi ma’lum emas, endilikda bu qarorni Maxsus komissiya qabul qiladi.
Shuningdek, Energetika vazirligiga bir hafta muddatda Toshkent shahri va unga tutash bo‘lgan hududlardagi barcha issiqxona obyektlariga tabiiy gaz yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar tuzilishini tashkil etish va uzluksiz tabiiy gaz yetkazib berilishini ta’minlash topshirildi.
Shuningdek farmonga ko‘ra, Ekologiya qo‘mitasi bir hafta muddatda quyidagilarni nazarda tutuvchi qonun loyihasini kiritishi kerak:
- maydoni 200 kv metr va undan yuqori bo‘lgan issiqxonalarda chang-gaz tozalash uskunalari nosoz ishlashi yoki mavjud bo‘lmaganligi uchun ma’muriy jarimalar miqdorlarini yuridik shaxslarning mansabdor shaxslariga 5 baravarga va jismoniy shaxslarga 3 baravarga oshirish;
- maydoni 200 kv metr va undan yuqori bo‘lgan issiqxonalarda yoqilg‘i moddalar, material va chiqindilar (shina, bitum, mazut, ishlatilgan avtomobil moyi plyonka, rezina, jun tolasi va boshqalar) yoqilgani aniqlanganda isitish qozonxonasini davlat foydasiga musodara qilishni nazarda tutuvchi jinoiy javobgarlikni joriy etish.
Kapital.uz avvalroq ayni shu famon bilan maishiy havo tozalash uskunalari bojxona bojidan ozod etilgani haqida xabar bergandi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ