O’tgan oyda avtomobil bozorida savdolar pastladi
Faollikning sezilarli pasayishi yillik hisobda 25,5% kuzatilmoqda
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
Sentyabr oyida avtomobil bozorida faollikning sezilarli pasayishi yillik hisobda 25,5% kuzatilmoqda. Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi xabar berdi.
Unga ko‘ra, avtotransport vositalarining umumiy savdosi 110,1 ming donani tashkil etgan.
Yengil avtomobillar bozorida sentabr oyida savdo 0,3%ga pasaydi va 101,6 ming donani tashkil qildi. O‘tgan yilga nisbatan yengil avtomobillar savdosi 25,5%ga kamaydi.
Hududlar bo‘yicha tahlillar shuni ko‘rsatadiki, sentyabr oyida eng katta pasayish Andijon — 9,1%, Qashqadaryo — 7,9% va Toshkent — 7,7% viloyatlarida qayd etilgan.
2024-yilning 3-choragida avtomobillar savdosi 295,6 mingtani tashkil etib, shu davrga nisbatan yillik pasayish 26,8% bo’ldi.
Birlamchi bozor
Yengil avtomobillar birlamchi bozorida sotuvlar o‘tgan oyga nisbatan 10,3%ga oshdi. Yillik ko‘rsatkichlarda faollik kuzatilib, avgust oyida savdoning pasayishi 1% darajasida bo‘lsa, sentyabr oyida 7,7%ga o’sgan.
Mahalliy ishlab chiqarilgan yangi avtomobillar bo’yicha sentyabr oyida sotuvlar 10,8%ga yetib, 37,6 mingta avtomobilni tashkil etdi. Yillik hisobda o‘sish 12% bo’ldi.
Xorijiy avtomobillar
Xorijiy yengil avtomobillar segmentdagi savdo avgust oyida 25,6%ga oshgan bo‘lsa-da, sentabr oyida o‘sish 4,5%ga sekinlashdi va 3,3 ming donani tashkil etdi.
Avtomobillarning ikkilamchi bozori
Yengil avtomobillarning ikkilamchi bozorida sotuvlar sekinlashdi va sotish hajmi yillik pasayishi tendensiyasini saqlab qoldi.
Jumladan, sentyabrda avtomobillar ikkilamchi bozoridagi faollik o‘tgan oyga nisbatan 6,3%ga kamaygan. Hisobot davrida ushbu segmentda 60,5 mingta avtomobil sotilgan. Umuman olganda, yil davomida sotuvlar 38,4%ga pastlagan.
Elektromobil bozori
Elektromobillar segmentida sotish hajmi rekord darajada 2,4 baravar oshdi, bu butun kuzatuv davridagi eng katta o‘sishdir.
Sentabr oyida 4,24 mingta elektromobillar sotilgan bo’lsa, avgust oyida 1,7 ming dona sotilgan.
Hududlar bo‘yicha savdolarning eng katta o‘sishi Toshkent shahrida — 3180 dona, Toshkent — 285 dona va Andijon viloyatlarida — 119 dona qayd etildi.
Yillik o‘lchovda elektr transport vositalarining savdosi deyarli 17%ga oshgan. Shu yilning uchinchi choragida yengil elektr transport vositalarini sotish 9,3 mingtani tashkil etdi va o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 5,6%ga kamaydi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ