Toshkentda avtobuslar uchun gaz quyish shoxobchalari qisqartirildi

Xususan, metan zapravkalar soni 33 tadan 11 taga kamaygan

Toshkentda avtobuslar uchun gaz quyish shoxobchalari qisqartirildi

Poytaxtda havo harorati pasayishi va gaz ta’minotidagi cheklovlar fonida zapravkalarda avtobuslarning uzun navbati yuzaga keldi. “Toshshahartransxizmat” kompaniyasi vaziyat yuzasidan izoh berdi.

Qayd etilishicha, so‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlar orqali ayrim yo‘nalishlarda harakatlanayotgan avtobuslarning gaz yoqilg‘i quyish shoxobchalarida navbatda turib qolayotgani haqida postlar va videoroliklar tarqalmoqda.

“Toshshahartransxizmat”ning bildirishicha, bugungi kungacha Toshkentda kuniga 1000 dan ortiq katta va o‘ta katta sig‘imli avtobuslar metanda harakatlanadi. Ularni gaz bilan ta’minlash 33 ta zapravka tomonidan amalga oshirib kelingan.

Havo haroratining pasaygani sababli Toshkent shahridagi aholi, ijtimoiy muassasalar va strategik muhim obyektlarga tabiiy gazni teng ravishda yetkazib berishni ta’minlash maqsadida avtobuslarni siqilgan tabiiy gaz bilan ta’minlaydigan AGTKSHlar soni 11 tagacha qisqartirilgan, — deyiladi xabarda.

Shundan kelib chiqib, “Hududgaz poytaxt” filiali va Toshkent shahri hokimligi bilan kelishuvga ko‘ra, poytaxtda faoliyat yuritayotgan zapravkalar ro‘yxati tasdiqlangan. “Toshshahartransxizmat” rahbariyati tomonidan tasdiqlangan ro‘yxatga muvofiq, ularga avtobuslarni yetkazish jadvali ishlab chiqilgan.

Kompaniyaga ko‘ra, avtobuslarning shoxobchalargacha bo‘lgan masofasining oshishi, qishda gaz iste’molining ko‘payishi hamda magistral gaz quvurlarida bosimning pasayishi tufayli avtobuslarga yoqilg‘i quyish vaqti sezilarli darajada oshdi va zapravkalarda navbatlarning yuzaga kelishiga sabab bo‘lmoqda.

Mazkur vaziyatni tez fursatda barqarorlashtirish, yo‘nalishlardagi avtobuslar harakati va oraliq intervalni saqlab qolish, shuningdek yo‘lovchilarga ko‘rsatilayotgan transport xizmatlarining uzluksizligini ta’minlash maqsadida kompaniya rahbariyati va mutasaddi bo‘linmalar tomonidan tungi navbatchilik tashkil etilgan bo‘lib, vaziyat doimiy nazoratda ekanligini ma’lum qilamiz, — deyiladi xabarda.

Gaz quyish shoxobchalarida navbatda turgan haydovchilarni issiq ovqat bilan ta’minlash maqsadida osh damlab, tarqatilgan.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Qozog‘istonning MOST Ventures fondi o‘zbekistonlik Bito startapiga $10 mln sarmoya kiritdi
/
Qozog‘istonning MOST Ventures fondi o‘zbekistonlik Bito startapiga $10 mln sarmoya kiritdi
IIV YHXX yo‘l harakati kameralariga oid da’volarni rad etdi
/
IIV YHXX yo‘l harakati kameralariga oid da’volarni rad etdi
O‘zbekistonliklar yangi yil arafasi ketma-ket 5 kun dam oladi
/
O‘zbekistonliklar yangi yil arafasi ketma-ket 5 kun dam oladi